add

Banklardan «ogohlik qo‘ng‘irog‘i»: oltin bozori spekulyativ pufak holiga keldi

Bugun 17:581892 daqiqa

BIS hisobotiga ko‘ra, chakana investorlar oltin va AQSH aksiyalarini «potensial pufak» hududiga olib kirdi, bu esa to‘satdan va keskin korreksiya xavfini kuchaytirmoqda.

Banklardan «ogohlik qo‘ng‘irog‘i»: oltin bozori spekulyativ pufak holiga keldi

«Markaziy banklar banki» deb ataluvchi Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) rasman oltin va Amerika fond bozorlarida pufak shakllanish ehtimoli keskin ortgani haqida ogohlantirdi. Institutning so‘nggi choraklik hisobotida aytilishicha, chakana investorlarning haddan tashqari faolligi ushbu segmentlarni «portlama o‘sish» holatiga olib kirgan. Oddiy til bilan aytganda — bu bozorlar tarixda ko‘p kuzatilgan kabi katta va keskin tushishlar oldida turgan bo‘lishi mumkin.

BIS fikricha, oxirgi yarim yilda oltin va S&P 500 bir vaqtning o‘zida «portlama dinamika»ga kirishi kamdan-kam kuzatiladigan holat. Odatda bu aktivlar turli sikllarda harakatlanadi. Institutning ta’kidlashicha, bunday fazalar, 1980 yildagi oltin inqirozi yoki dotkom pufagi kabi, odatda «keskin va tez korreksiya» bilan tugaydi.

Chakana investorlar bu jarayonning markazida turibdi. BIS ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi chorakda oltin ETFlari va Amerika aksiyalar fondiga asosiy pul oqimi aynan kichik investorlardan keldi. Institutsional ishtirokchilar esa AQSH aksiyalarida pozitsiyalarni qisqartirgan va oltin ulushini o‘zgartishsiz saqlagan. Bu esa bozordagi o‘sishni asosan spekulyativ rag‘bat va trend ortidan quvish hisobiga ta’minlayotganini anglatadi.

Kriptoaktivlardagi tushish ham vaziyatning murakkabligini oshirmoqda. Bitcoin chorak oxiriga borib 20 foizga arzonladi, bu esa riskli aktivlarga talab susaygani va chakana investorlar spekulyativ segmentlar orasida faol harakatlanayotganini ko‘rsatadi. BIS bunday vaziyatni «o‘ta noyob mo‘rtlik» deb atadi va vahima paytida chakana o‘yinchilarning poda yanglig‘ harakati bozordagi tebranishlarni ayovsiz kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlaydi.

BISning texnik testlari ham pufak ehtimolini tasdiqlamoqda: oltin narxi va S&P 500 oxirgi oylarda «portlama o‘sish ostonasi»dan o‘tdi. Butun yil davomida oltin 50 dan ortiq rekord yangilagan va 60 foizdan ko‘proq qimmatlashgan. Institut bu bosqich qancha davom etishini aytish qiyinligi, ammo har qanday pufak odatda tez va og‘riqli tarzda yorilishidan ogohlantirdi.

Teglar

Mavzuga oid