
BBC direktori Tramp nutqi videosi atrofidagi mojaro tufayli iste’fo berdi
Tim Deyvi 2024-yilda Tramp nutqining tahrirlangan versiyasi efirga uzatilgani bo‘yicha tanqidlardan so‘ng Bi-bi-sidan ketishini e’lon qildi.

Britaniyaning Bi-bi-si (BBC) mediakorporatsiyasi bosh direktori Tim Deyvi iste’foga chiqdi. Bu qarorga uni AQSH prezidenti Donald Tramp nutqining tahrirlangan videosi ortidan kelib chiqqan mojaro undadi. Mazkur material BBCʼning «Panorama» dasturida 2024-yildagi AQSH prezidentlik saylovlari arafasida namoyish etilgan.
Deyvining izohiga ko‘ra, korporatsiya so‘nggi paytlarda bir qator xatolarga yo‘l qo‘ygan va u rahbar sifatida javobgarlikni zimmasiga olishga qaror qilgan. «Biz doimo ochiq, shaffof va hisobdor bo‘lishimiz kerak», — deyiladi uning hamkasblarga yo‘llagan maktubida.
Mojaro The Telegraph nashri BBC efirida namoyish etilgan videolavhada Donald Trampning 2021-yil 6-yanvardagi nutqidan ikki turli qismning montaj qilinganini fosh qilganidan so‘ng boshlangan. Videoda Trampning go‘yo Kapitoliyni bosib olishga chaqiriq qilgani haqida tahrirlangan gaplari berilgan. Ammo tahlillarga ko‘ra, bu ikki gap haqiqiy nutqda bir-biridan qariyb soat farq bilan aytilgan bo‘lgan.
Masala BBCʼning ichki standartlar bo‘yicha maslahatchisi Maykl Preskott tayyorlagan yozma hujjatga asoslangan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, efirdagi montaj tamoshabinlarda Trampning g‘azabli harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otgan. Video montajida, shuningdek, chiqishdan avval yozilgan namoyishchilar kadrlari ham qo‘shilgan.
Britaniya parlamentidagi muxolifat vakillari BBCʼdagi ushbu voqea bo‘yicha ommaviy ishdan bo‘shatishlarni talab qilmoqda. Konservatorlar partiyasi yetakchisi Kemi Badenok ushbu holatni «saylovlarga aralashish» deb baholadi.





