Bekmurod Abdullayev qo‘yib yuborildi…mi?
Davlat manfaatlariga 186 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi sobiq rahbari Rustam Tursunov doxil 7 nafar mulozim zararni qoplagani munosabati bilan ozodlikka chiqarilgani aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, qamoqqa olinganini aytgan sobiq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev qo‘yib yuborildi. Bu haqda VAQT.UZning bir-biridan mustaqil manbalari xabar bermoqda.
Bu axborot ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentiga bir zumda yoyilgan bo‘lsa ham, hozirgacha hech qaysi tashkilot yoki tergov olib borayotgan Bosh prokuratura munosabat bildirgani yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev doxil 7 nafar mulozim zararni qoplagani munosabati bilan 15-aprel kuni kechqurun ozodlikka chiqarilgan. Zarar miqdori 186 milliard va uzun quloq gaplarga ko‘ra, bu pulni sobiq mulozimning akasi, tadbirkor Bahodir Abdullayev to‘lagan.
Manbalarga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev bilan bir vaqtda qo‘lga olingan sobiq Jazoni ijro etish departamenti rahbari Rustam Tursunov chiqarilmagan.
«Ezgulik» jamiyati raisi, inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning yozishicha, zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingan rahbarlarga qo‘llanilgan chora 60 dan ortiq boshqa ayblanuvchilarda haqli norozilikka sabab bo‘lmoqda.
“Voqealar rivojini kuzatamiz va rasmiylardan ikki enlik izoh kutamiz”, – deb yozadi Tashanov.
Keling, endi amaldorlar nega tergovga tortilib, qamoqqa olinganini eslaymiz.
Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov qamoqqa olingani haqidagi gaplar joriy yil yanvar oyida bolalagan edi. O‘shanda ikki mulozim yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirgani aytilgan.
27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev nima sababdan ishdan olinganini ma’lum qildi.
«Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B. Abdullayev va departament boshlig‘i R. Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», – degan edi selektorda.
Ammo sobiq amaldorlar Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani ochiqlanmagan. Faqat tergov prokuratura organida ekani ma’lum. Uni ham 11-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti rahbari polkovnik Ramazon Ashropov ma’lum qilgan edi.
“O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov harakatlarini boshqa idora olib borayotganligi sababli bizda bu bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Tergovga javob beradigan rahbarlar bu savolga javob bersa to‘g‘ri bo‘lardi”, — degan Ramazon Ashropov.
Ko‘pchilikni bir savol qiynamoqda: Garov ehtiyot chorasi qo‘llanildi degani — Abdullayev aybsiz deb topildi va javobgarlikdan qutuldi deganimi? Albatta, yo‘q.
Qonunga ko‘ra, biror shaxs jinoyatda gumon qilinsa, unga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasini tergovchining iltimosnomasi bilan faqat sud belgilaydi. Dastlabki tergov muddati odatda 3 oy etib belgilanadi.
Agar tergovchi 3 oy ichida ishni tugata olmasa, muddatni uzaytirishga to‘g‘ri keladi. Mana shu jarayonda, agar ayblanuvchi zararni qoplagan bo‘lsa yoki uni qamoqda ushlab turishga ehtiyoj qolmasa, tergovchi prokuror bilan kelishgan holda "qamoq"ni “garov"ga o‘zgartirishi mumkin. Bu JPKda ko‘rsatilgan.
“Jamoatchilikda tug‘ilayotgan ayrim savollarga oydinlik kiritish maqsadida, amaldagi qonunchilik talablarini eslatib o‘tishni lozim deb topdik:
Huquqiy asos va tartib. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 240-moddasi 2-qismiga muvofiq, jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida (tergov jarayonida) quyidagi tartib belgilangan:
Kim o‘zgartira oladi? Agar shaxsni qamoqda saqlash uchun asoslar qolmagan deb topilsa, ehtiyot chorasi prokuror tomonidan yoki tergovchi tomonidan (prokurorning roziligi bilan) bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Sudning roli qanday? Bunday holatda ehtiyot chorasini o‘zgartirish uchun sudning alohida qarori talab etilmaydi. Faqatgina ehtiyot chorasini o‘zgartirgan mas’ul organ (tergovchi yoki prokuror) avval qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan sudni albatta xabardor qilishi shart.
Demak, Bekmurod Abdullayevga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasining o‘zgartirilishi bevosita tergovchi tomonidan, nazorat qiluvchi prokurorning roziligi bilan amalga oshirilgan. Bu jarayonda sudga tegishli bildirishnoma yuborilishi qonun talablariga to‘liq rioya etilganligini anglatadi.
Muhim eslatma: Ehtiyot chorasining o‘zgartirilishi shaxsning aybli yoki aybsizligi to‘g‘risidagi yakuniy xulosani anglatmaydi. Bu shunchaki tergov jarayonidagi protsessual qaror bo‘lib, shaxsning aybdorligi masalasiga faqat sud tomonidan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan hukm bilan yakuniy baho beriladi”, — deb yozadi advokat Abdumalik Abdullayev.
Aslida garov puli — bu shunchaki "ayblanuvchi qochib ketmaydi va tergovga keladi" degan kafolatdir. Bu aybdorlikni bildirmaydi. Ayblanuvchi tergov tugaguncha qamoqda emas, o‘z uyida yashab turadi.
Tergovdan keyin nima bo‘ladi? Tergov to‘liq yakunlangach, barcha hujjatlar va dalillar sudga yuboriladi. Aybdorlik masalasini tergovchi emas, faqat sud hal qiladi. Agar sud uni aybdor deb topsa, unga jazo tayinlanadi. Faqat tergov davomida zararni qoplagani va garov to‘langani unga beriladigan jazoni yengillashtirishga yordam berishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, hozirgi jarayon shunchaki tergovning bir qismi, yakuniy hukmni esa baribir sud chiqaradi.
Istalgan odam garov pulini to‘lab chiqib keta oladimi? degan haqli savol ham bor, albatta. Yo‘q, har doim ham emas. Garov — bu shunchaki "pul to‘lab qutulish" degani emas, uning bir qator qat’iy talablari bor:
Jinoyatning og‘irligi: Odatda garov ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarda qo‘llaniladi. O‘ta og‘ir jinoyatlarda (masalan, qotillik yoki terrorizm) har qanday summa evaziga ham garovga ruxsat berilmasligi mumkin. Agar tergov organida shaxs ochiqda qolsa, qochib ketishi yoki guvohlarga bosim o‘tkazishi haqida shubha bo‘lsa, garov rad etiladi.
Mazkur ish bo‘yicha eng ko‘p muhokama qilinayotgan jihat — davlatga yetkazilgan ulkan moddiy zararning qisqa muddatda qoplangani bo‘ldi. Norasmiy manbalarga ko‘ra, bu mablag‘ni ayblanuvchining akasi, taniqli tadbirkor va sport arbobi Bahodir Abdullayev to‘laganini aytgan edik.
Bahodir Abdullayev kim? desangiz, u O‘zbekiston biznes segmentidagi yirik va tajribali tadbirkorlardan biri hisoblanadi. Uning mavqeyi va moliyaviy imkoniyatlari juda keng.
Mansabdorning akasi mamlakatdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri — O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksiyadorlik birlashmasi raisi sifatida faoliyat yuritadi. B.A Holding esa tadbirkorning yirik loyihalaridan biri. Holding qurilish va sanoat korxonalarini birlashtirgan.
Mazkur vaziyatda jamoatchilikni qiynayotgan asosiy masala — huquqiy qarorlarning qanchalik asosli ekanligi emas, balki ularning ochiq-oydin tushuntirilmayotganidir. Bosh prokuraturaning sukuti turli ijtimoiy taxminlarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, bunday rezonansli ishlarda rasmiy munosabat — shaffoflikning birinchi shartidir.
Shuningdek, xuddi shu ish doirasida ayblanayotgan boshqa shaxslarning qamoqda qolayotgani fonida ayrim mulozimlarning garov evaziga chiqarilishi jamiyatda ’huquqiy tenglik’ borasidagi savollarni yuzaga keltirmoqda. Bu yerda gap shaxslarni ayblash haqida emas, balki qonun qo‘llanilishidagi bir xillik va adolat mezonlari jamoatchilik ko‘zida qanday aks etayotgani haqida ketmoqda.
Teglar






