
«Biznesga litsenziyasiz kirish» rejimi joriy etiladi
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan biznesda litsenziya yoki ruxsat olish tartibini soddalashtirishni ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilindi.

13-yanvar kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan majlisda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish tartibi ham soddalashtirilib, 3 oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Majlisda ma’lum qilinishicha, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar aholi va tadbirkorlik subektlari uchun biznesni boshlashda ortiqcha tartib-taomillardan o‘tish jarayonlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhokamalar so‘ngida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Avvalroq 2026 yil 1-iyuldan kuchga kirishi rejalashtirilgan «Tadbirkorlik faoliyatining asoslari va kafolatlari to‘g‘risida» yangi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 14-noyabr kuni O‘zbekistonda «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyilini joriy etish ko‘zda tutilgan farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, 2026 yildan tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tish hamda faoliyatini boshlash uchun barcha xizmatlarni bir joyda tez va sodda usulda amalga oshira oladi. Natijada bir hafta talab etiladigan bu jarayonlarning muddati 15 daqiqaga qisqaradi.





