add

«Centrum Air» Toshkent–Haydarobod yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

Kecha 21:001 daqiqa

Yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aviaqatnov va sayyohlik aloqalarini yanada kengayishiga xizmat qiladi.

«Centrum Air» Toshkent–Haydarobod yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekistonning yirik xususiy aviakompaniyalaridan biri — «Centrum Air» 2026 yilgi yozgi mavsumdan boshlab Hindiston yo‘nalishida parvozlar geografiyasini kengaytiradi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 30-martdan e’tiboran aviakompaniya Toshkent–Haydarobod yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar «Airbus A320» havo kemalarida haftasiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalish Hindistonning yirik sanoat va texnologiya markazlaridan biri bilan bevosita aviaaloqani ta’minlaydi.

Shu bilan birga, «Centrum Air» 29-martdan boshlab Toshkent–Dehli yo‘nalishidagi reyslar sonini ham oshiradi. Hozirgi paytda haftasiga ikki marta amalga oshirilayotgan parvozlar soni uchtaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu yo‘lovchilar uchun qulayliklarni kengaytirish va talabni qondirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi havo qatnovlari sezilarli darajada faollashdi. Ayni paytda Toshkent shahrini Dehli, Mumbay shaharlari hamda Goa shtati bilan bog‘lovchi jami 17 ta haftalik reys mavjud. Ushbu yo‘nalishlarda «Uzbekistan Airways», «Centrum Air» hamda Hindistonning «IndiGo» aviakompaniyasi parvozlarni ta’minlab kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilda 80 mingdan ortiq hindistonlik sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2026 yilda yangi reyslarning ochilishi natijasida sayyohlar oqimi yanada oshishi va turistik hamkorlik yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid