add

ChatGPT’ga Adobe ilovalari integratsiya qilindi

11.12.2025 | 14:452962 daqiqa

ChatGPT endi suhbat oynasining o‘zidayoq Adobe’ning Photoshop, Acrobat va Express ilovalari orqali rasm va hujjatlarni tahrirlab beradi.

ChatGPT’ga Adobe ilovalari integratsiya qilindi

ChatGPT tizimiga Adobe’ning uchta asosiy ilovasi — Photoshop, Acrobat va Adobe Express integratsiya qilinib, foydalanuvchilarga suhbat davomidayoq rasm va hujjatlar bilan ishlash imkoniyati yaratildi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.

Yangilikka ko‘ra, endi har bir foydalanuvchi o‘zi xohlagan natijasini oddiy yozma tasvir orqali bayon qilib, dizayn yaratishi, tasvirni tahrir qilishi yoki PDF hujjatlarni qayta ishlashi mumkin.

Yangi funksiyalar ChatGPT interfeysida yuklangan fayl tegida ko‘rinadi. Masalan, Adobe Photoshop plagini orqali «orqa fonni xiralashtiring» kabi topshiriq berilishi bilan servis tasvirni avtomatik qayta ishlaydi. Bepul taqdim etilgan ushbu ilovalar imkoniyatlari to‘liq versiyalarga nisbatan cheklangan bo‘lsa-da, kundalik foydalanish uchun yetarli darajada amaliy hisoblanadi.

ChatGPT’dagi Photoshop asosiy tarkibiy qismlarni tahrirlash, kreativ effektlar qo‘llash, yorug‘lik va kontrastni moslash, ekspozitsiyani o‘zgartirish kabi imkoniyatlarni taklif etadi.

Acrobat esa mavjud PDF hujjatlarni tahrirlash, fayllarni PDF formatiga o‘tkazish, matn va jadvallarni ajratib olish, bir nechta hujjatlarni birlashtirish kabi funksiyalarni bajara oladi.

Adobe Express platformasi orqali esa ijtimoiy tarmoqlar uchun posterlar, taklifnomalar va turli grafik dizayn ishlanmalarini yaratish mumkin. Shu bilan birga, ChatGPT matnni almashtirish, ayrim elementlarni animatsiya qilish kabi vazifalarni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri bajaradi.

Integratsiya hozircha desktop, veb-versiya va iOSda to‘liq ishlamoqda. Android foydalanuvchilari uchun Adobe Express mavjud, Photoshop va Acrobat esa yaqin vaqt ichida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sem Altman OpenAIda «qizil kod» rejimiga o‘tgan va kompaniyaning barcha resurslarini ChatGPTni yaxshilashga yo‘naltirib, boshqa yirik loyihalarni vaqtincha to‘xtatgan edi. OpenAIdagi xavotirning asosiy sababi — Googlening tez sur’atda oldinga siljishi bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid