Davlat xaridlaridagi «o‘yinlar»,robototexnika bo‘yicha o‘rnatilgan jahon rekordi va jarimaga tortilgan 8 ta bank — 13-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankni jarimaga tortdi
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026 yilning sentabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida jami 37 ta masalani ko‘rib chiqdi. Ularning asosiy qismi, ya’ni 21 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishidagi masalalar bo‘lib, kredit va mikromoliya tashkilotlari faoliyatiga oid o‘zgarishlar, litsenziya berish hamda bank boshqaruvi nomzodlarini tasdiqlash kabilarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, yig‘ilishlarda kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala muhokama qilindi. Xususan, prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etmaganligi hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qator qoidabuzarliklar sababli 8 ta tijorat bankiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
10 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring va o‘rganishlar natijasida respublikaning bir qator hududlaridagi davlat xaridlarida jami 10 milliard so‘mga yaqin qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi turli davlat muassasalari va tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan tender savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilib, raqobatni cheklashga olib keluvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatlar yuzasidan qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilib, ayrim holatlar bo‘yicha moliyaviy jarima tortish va huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan materiallar tegishli organlarga yuborildi.
O‘zbekiston yoshlari robototexnika bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida 200 ga yaqin davlat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan «FIRST Global Challenge» xalqaro robototexnika musobaqasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi mutlaq jahon chempioni bo‘ldi. O‘rmon yong‘inlarining oldini olish va tabiatni qayta tiklash mavzusiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli bellashuvda yosh muhandislarimiz 16 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, 637 ball bilan musobaqa rekordini o‘rnatdi hamda 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alaba munosabati bilan 13-oktabr kuni Prezident farmoni qabul qilinib, g‘oliblar va ularning ustozlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Xususan, terma jamoa bosh murabbiysi Ziyodulla Bo‘taxonov «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan, jamoa sardori, texnik murabbiy, menejerlar va barcha a’zolar esa «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.
9 oyda o‘zbekistonliklar kiberjinoyatlardan 1 trln so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi
2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda qariyb 70 mingta kiberjinoyat sodir etilib, fuqarolarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Ichki ishlar vazirligi mas’ullarining ma’lum qilishicha, tergov harakatlari davomida ushbu mablag‘ning 210 milliard so‘mdan ortig‘i o‘z egalariga qaytarilgan. Asosan elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘zlashtirishga qaratilgan mazkur jinoyatlarning 90 foizi mamlakat tashqarisidan turib, transchegaraviy tarzda amalga oshirilmoqda.
Firibgarlar aholi mablag‘larini asosan to‘rt usulda, xususan, to‘y taklifnomasi, fotosurat yoki ta’ziya xabari ko‘rinishidagi zararli APK fayllar, soxta havolalar va yolg‘on investitsiya platformalari orqali o‘zlashtirmoqda. Bunday jinoyatlarning qariyb 50 foizi aynan APK fayllar orqali sodir etilayotganini ta’kidlagan IIV vakillari fuqarolarni noma’lum fayllarni ochmaslikka, telefon orqali shaxsiy ma’lumot va kodlarni hech kimga bermaslikka hamda firibgarlikni sezgan zahoti 102 raqamiga murojaat qilishga chaqirdi.`





