Logo

Deputat maktablarni jihozlash kechikayotganini tanqid qilib, vazirga savol qo‘ydi

Bugun 17:372 daqiqa

Zuhriddin Mavlonov davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga asosan doskalar xarid qilish uchun 100 mlrd so‘m, komputer sinflari uchun 250 mlrd, jami 350 mlrd so‘m pul ajratilishi lozimligini eslatib, yilning o‘tgan davri davomida bitta ham komputer sinfi, yangi sinf tashkil etilmagani, bir dona ham yangi elektron doska xarid qilinmaganini tanqid qildi. Vazir kechikish sabablarini aytdi.

Deputat maktablarni jihozlash kechikayotganini tanqid qilib, vazirga savol qo‘ydi © Oliy Majlis

Deputat Zuhriddin Mavlonov parlamentning 25-avgustdagi yig‘ilishida yil yakunigacha maktablarga yetkazilishi belgilangan minglab komputer va doskalardan hali birortasi sotib olinmaganini aytdi.

U 2026-yil oxirigacha 1000 ta yangi komputer sinfi tashkil etish hamda 6300 ta elektron doskalar xarid qilish bo‘yicha topshiriq 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyada belgilanganini eslatib, bu vazifaga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul ekanini urg‘uladi. Muddat 2026-yil dekabr qilib belgilangan. Eng muhimi esa, davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga asosan avvaldan har ikkala jihozlar uchun, doskalar xarid qilish uchun 100 milliard so‘m, komputer sinflari uchun 250 milliard, jami 350 milliard so‘m pul mablag‘ ajratilishi lozim. Ammo, hisobotda qayd etilishicha, yilning o‘tgan davri davomida bitta ham komputer sinfi, yangi sinf tashkil etilmagan, bir dona ham yangi elektron doska xarid qilinmagan.

«Faqat hisobotda tender e’lon qilingani haqida ma’lumot bor, xolos. Shunda bizda savol paydo bo‘lyapti: bir haftadan keyin yangi o‘quv yili boshlanadigan maktablarimizda nega haligacha elektron doskalar yoki komputer sinflari tashkil etilmadi? Mablag‘ aniq, mas’ul aniq, muddat bor. Lekin hozirga qadar birortasi amalga oshirilmagan. Kechikish sabablari nimada? Yil yakuniga to‘rt oy qoldi. To‘rt oy yakunigacha 1000 ta komputer sinfi va 6000 dan ziyod elektron doskalar maktablarga yetkazib beriladimi?» — deya deputat vazirga savol qo‘ydi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning aytishicha, dastlabki ekspertiza xulosalari asosida ushbu mablag‘larga 1000 ta emas, balki 1350 ta komputer sinf to‘plammasini xarid qilish belgilangan. Hozirda dastlabki ekspertiza xulosalari olingan va tender savdolari e’longa joylashtirilgan, davlat xaridlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, maktablarni elektron doskalar bilan ta’minlash bo‘yicha ham 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 12-iyul kuni elektron doskalarni sotib olish bo‘yicha tender savdolariga e’longa qo‘yilgan, lekin g‘olib aniqlanmagani sababli 10-avgust kuni qayta tender e’lon qilingan.

U g‘oliblar e’lon bo‘lgandan keyin barcha xaridlar amalga oshirilishini aytgan.

«Oktyabr oyi yakuniga qadar barcha belgilangan komputer sinf to‘plamlari ham va elektron doskalar ham maktablarimizga to‘liq yetkazib beriladi va o‘sha davlat dasturida belgilangan ko‘rsatkichlarga chiqamiz, ya’ni bajaramiz», — dedi vazir.

Teglar

Mavzuga oid