add

Dollar kursi 2025 yilda qanday o‘zgardi?

Kecha 22:003 daqiqa

2025 yil — o‘zbek so‘mi uchun tarixiy yil bo‘ldi. Dollarning so‘mga nisbatan kursi birinchi marta yilni pasaygan holda yakunladi.

Dollar kursi 2025 yilda qanday o‘zgardi?

Markaziy bank 2026 yilning birinchi ish kuni uchun so‘mga nisbatan xorijiy valyutalar kursini e’lon qildi. 

Unga ko‘ra, AQSH dollari 2026 yilni milliy valyutaga nisbatan 12 004,41 so‘m bilan boshlaydi. Bu so‘nggi ikki yil ichidagi yil boshi uchun eng past kurs hisoblanadi. 

2025 yil davomida dollarning rasmiy kursi birinchi marta yil boshiga nisbatan pasaydi. 3-yanvar kuni 1 dollar 12 904,91 so‘m hisoblangan bo‘lsa, 30-dekabr kuni rasmiy kurs 12 025,33 so‘m bo‘ldi. 

Yil davomida dollar kursi 6,8 foizga qadrsizlandi yoki 879,58 so‘mga pasaydi. 2024 yilda dollar so‘mga nisbatan 4,7 foizga, 2023 yilda esa qariyb 10 foizga mustahkamlangan edi. 

1

Foto: Markaziy bank

2025 yilda dollarning eng yuqori kursi 14-fevral kuni kuzatildi — 13 003,95 so‘m. O‘sha paytda dollar yilni 12 000 so‘m bilan yakunlaydi deyishsa, aksariyat o‘zbekistonliklar bunga ishomagan bo‘lardi. 

Eng past kurs esa 3-dekabr kuniga to‘g‘ri kelib, rasmiy kursi 11 880,93 so‘mgacha pastladi. Bu 2023 yil avgustdan beri eng past ko‘rsatkich edi. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yil uchun davlat byudjeti qonun loyihasida dollar kursini o‘rtacha 13 250 so‘mdan hisoblagan edi. Biroq, amalda yil davomida dollar biror marta bu kursga yaqin kelmadi va o‘rtacha kurs 12 576 so‘mni tashkil qildi. 

2026 yil uchun so‘mga nisbatan dollarning o‘rtacha kursi vazirlik tomonidan 12 350 so‘mdan hisoblangan. S&P agentligi yil oxirida dollar 12 600 so‘mga yaqin bo‘lishini kutmoqda. Yevroosiyo taraqqiyot banki kutilmalariga ko‘ra, 1 dollar 12 800 so‘m bo‘ladi. 

2025 yil dollar uchun yana bir muhim o‘zgarishlardan biri — Markaziy bank kursni erkinroq ushlay boshlagani bo‘ldi.

2024 yilda dollar kuniga o‘rtacha 15,1 so‘mga o‘zgargan edi. 2025 yilda holat sezilarli o‘zgardi va koridor 34,7 so‘mgacha ko‘tarildi

Soddaroq qilib tushuntirilsa, avvalgi yillarda dollar kursi kunlik 15-20 so‘mga o‘zgarar edi. 2025 yilda regulyator valuta siyosatini ancha erkinroq olib bordi. 40-50 so‘mlik o‘zgarishlar odatiy holga aylandi. 

Dollar 2025 yilda nega pasaydi? 

Ekspertlar tomonidan dollarning pasayishiga birinchi navbatda AQSH prezidenti Donald Trampning siyosati sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Bir qancha siyosiy qarorlar AQSH dollarining global nufuziga putur yetkazdi va dollar indeksi tushishiga olib keldi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar so‘mning mustahkamlanishga turtki berdi. 11 oy ichida mamlakatga 17,3 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib keldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga ko‘p. 

Pul o‘tkazmalari sezilari o‘sishiga rublning dollarga nisbatan 2025 yilda 40 foiz atrofida mustahkamlangani yordam berdi. Bu Rossiyadagi o‘zbekistonliklar dollarni avvalgi yillarga nisbatan ancha foyda bilan ayirboshlashiga sabab bo‘ldi. 

Oltin narxi ham keskin oshib, bir necha bor rekordlarni yangiladi. Yil davomida oltin 70 foizdan ko‘proq qimmatladi. O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblangani uchun bu iqtisodiyotga foyda keltirdi

Mamlakat so‘nggi ikki oyda oltin eksport qilmagan bo‘lsada, 2025 yilning 11 oyida 9,9 mlrd dollarlik rekord darajada oltin sotuvini amalga oshirdi. Qulay narxlar sabab dekabr oyida yana oltin sotuvi amalga oshirilgani tahmin qilinmoqda. 

Shuningdek, eksport importga nisbatan tezroq o‘sdi. 11 oyda import 18,7 foizga ko‘paygan bo‘lsa, eksport o‘sishi 26,2 foizni tashkil qildi. Eksport va import o‘rtasidagi farq 3 yildan beri 10,7-11 mlrd dollar oralig‘ida bo‘lib turibdi. 

Mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarda sezilarli o‘sish kuzatildi. 2025 yilga kelib bunday investitsiyalar miqdori 43,1 mlrd bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 34,9 mlrd dollar edi. 

Shunday qilib, 2025 yil o‘zbek so‘mi uchun tarixiy yilga aylandi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 18

Barchasi

Mavzuga oid