Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga maktub yubordi
O‘tgan haftada Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga ham Trampdan xat kelgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Trampdan maktub keldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Amerika yetakchisi o‘z maktubida O‘zbekiston rahbarining joriy yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishidagi ishtirokini yuksak baholagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ulkan natijalarga erishayotgani ta’kidlanib, mamlakatga tashrif bilan kelish taklifi uchun minnatdorlik bildirilgan.
O‘z navbatida, prezident Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni Tinchlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga, shuningdek, Mayamida o‘tadigan «G20» sammitiga taklif etdi.
«Yaratgan Sizni va O‘zbekistonning buyuk xalqini yorlaqasin», – deyiladi maktubda.
Tramp To‘qayevga ham xat yozgandi
19-mart kuni Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev nomiga ham AQSH prezidenti Donald Trampdan maktub kelgandi.
Maktubda AQSH rahbari Vashingtonda fevral oyida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi majlisi doirasida Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashuvni qadrlaganini aytib o‘tgan.
AQSH prezidenti kelgusi Tinchlik kengashi majlisida hamda yil oxirida Mayamida o‘tadigan «G20» sammitida yana davlat rahbarini kutib olish imkoniyati uchun intizor ekanini ta’kidlagan.





