Iyul oyida dollar kursi deyarli o‘zgarmadi, so‘m esa biroz mustahkamlandi
Iyul oyida so‘m dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi va yil boshidan buyongi barqaror tendensiyani davom ettirdi. Iqtisodchi tahliliga ko‘ra, kursda keskin o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lsa-da, oy davomida valuta bozoridagi tebranuvchanlik oshgan.
© Foto: BloombergMarkaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida so‘m dollarga nisbatan mustahkamlandi. 30-iyul kuni bir dollar 12 060,84 so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, 31-iyul holatiga rasmiy kurs 12 006,39 so‘mga tushdi. Shu tariqa milliy valuta bir oyda 54,45 so‘m yoki 0,45 foizga qimmatladi.

Biroq oy davomida kurs bir xil yo‘nalishda harakatlanmadi. Iyul boshida dollar 11 910 so‘mdan pastga tushdi, keyinchalik esa qayta o‘sishga o‘tdi. 24-iyul kuni rasmiy kurs 12 101,84 so‘mga yetib, oyning eng yuqori darajasini qayd etdi. Keyingi kunlarda kurs yana pasayib, oy yakunida 12 ming so‘m atrofida shakllandi.
Respublika valuta birjasida dollar bo‘yicha eng katta savdo hajmi 22-iyul kuni kuzatildi va 314,9 mln dollarni tashkil etdi. Oy oxiriga kelib savdo faolligi pasayib, 31-iyul kuni hajm 93 mln dollargacha tushdi.
Yil boshidan buyon ham milliy valuta barqarorligini saqlab qoldi. Yetti oy davomida so‘m dollarga nisbatan 14 so‘mdan ortiq yoki 0,11 foizga mustahkamlangan.
Iyul oyi jahon valuta bozori uchun ham sokin kechdi
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, iyul oyida nafaqat so‘m, balki aksariyat valutalarda ham keskin o‘zgarishlar kuzatilmagan. Tahlilga ko‘ra, oy davomida kuzatilgan 22 ta valuta AQSH dollariga nisbatan mustahkamlangan.
O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari valutalari ichida Rossiya rubli dollarga nisbatan 2 foizga qadrsizlangan. Shu bilan birga, Xitoy yuani 0,5 foizga, Qozog‘iston tengesi esa 1,3 foizga mustahkamlangan.
Yirik valutalar orasida Britaniya funti 1,1 foizga, yevro 0,8 foizga qimmatlagan. Yaponiya iyenasi va Shveysariya franki esa 0,4 foizdan qadrsizlangan.

Manba: Mirkonomika
Dollar yil boshidan beri ustunligini saqlab turibdi
Xolboyevning qayd etishicha, yil boshidan buyon dollar aksariyat valutalarga nisbatan kuchliligini saqlab qolgan. Tanlab olingan valutalarning faqat sakkiztasigina dollarga nisbatan mustahkamlangan.
Bu davrda eng katta o‘sish Braziliya realida qayd etilgan bo‘lib, u dollarga nisbatan 6,7 foizga mustahkamlangan. Qozog‘iston tengesi ham 6,1 foizga qimmatlagan.
Shu bilan birga, dollarga nisbatan eng ko‘p qadrsizlangan valutalar asosan Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri kelgan. Iqtisodchi bu holatni mazkur mamlakatlar iqtisodiyotining energiya importiga yuqori darajada bog‘liqligi bilan izohlaydi.
Xolboyevning fikricha, so‘mning yil boshidan buyon ham deyarli barqaror saqlanishi so‘nggi yillarda kuzatilayotgan tendensiyaning davomi hisoblanadi. Masalan, 2025 yilning iyul oyida milliy valuta dollarga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 2023 yil iyulida aksincha qadrsizlangan edi.
Kurs barqaror, ammo bozordagi tebranishlar kuchaydi
Iqtisodchining tahliliga ko‘ra, kursning umumiy yo‘nalishi barqaror bo‘lganiga qaramay, iyul oyida valuta bozoridagi kunlik harakatlar faollashgan.

Manba: Mirkonomika
Xususan, so‘m-dollar juftligidagi volatillik iyun oyiga nisbatan 45,8 foizga oshgan. Biroq o‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 24 foizga past bo‘lgan. Joriy yil boshidan buyon eng yuqori volatillik ham aynan iyul oyida qayd etilgan.

Manba: Mirkonomika
Tahlilga ko‘ra, so‘m boshqa qator valutalarga nisbatan ham nisbatan tebranuvchan bo‘lib qolmoqda. Tanlab olingan valutalar ichida eng yuqori kunlik tebranuvchanlik Qozog‘iston tengesida (0,66 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, Rossiya rublida bu ko‘rsatkich 0,57 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, iyul oyida so‘mning kunlik tebranuvchanligi yevro, funt, yapon iyenasi va Shveysariya franki kabi yirik valutalarnikidan ham yuqori bo‘lgan. Iqtisodchi bu holat kurs umumiy hisobda barqaror bo‘lganiga qaramay, oy davomida bozorda kunlik harakatlar ancha faol kechganini ko‘rsatishini ta’kidlaydi.
Teglar






