Logo

Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni belgiladi

Bugun 16:351 daqiqa

Unga ko‘ra, moliya tashkilotlari va to‘lov tizimlari foydalanuvchilarning biometrik ma’lumotlarini faqat mamlakat hududida saqlashi lozim.

Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yangi talablarni belgiladi

Markaziy bank mijozlarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilishda foydalaniladigan biometrik ma’lumotlarni saqlash tartibini kuchaytiruvchi yangi talablarni joriy etdi.

Tegishli qaror 1-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan.

Yangi tartib to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar, faktoring elektron platformalari hamda kredit byurolariga tatbiq etiladi.

Qanday talab joriy etildi?

Yangi qoidalarga muvofiq, jismoniy shaxslarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish jarayonida foydalaniladigan barcha biometrik ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shart.

Shu bilan birga, biometrik bo‘lmagan boshqa shaxsga doir ma’lumotlarni amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilingan holda mamlakat tashqarisida saqlash va ularga ishlov berishga ruxsat beriladi.

Bu norma «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan talablarga muvofiq qo‘llaniladi.

Asosiy maqsad

«Mazkur qo‘shimchalar moliya bozorida mijozlarning biometrik ma’lumotlarini saqlashga nisbatan yagona huquqiy yondashuvni shakllantirish, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha belgilangan talablarning amalda ijro etilishini ta’minlash hamda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», — deyiladi Markaziy bank matbuot xizmati xabarida.

Teglar

Mavzuga oid