Islom Karimov haykali atrofidagi 37 gektarlik hudud ochiq jamoat parkiga aylantiriladi
Loyiha tafsilotlariga ko‘ra, parkda salqin sayr zonalari va osoyishta dam olish maskanlari tashkil etiladi.
© Saida Mirziyoyeva Telegram kanali24-iyul oyida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi istirohat bog‘larini ko‘zdan kechirgandi. Xususan, shahardagi bog‘lar holati o‘rganilib, u yerlarda aholi muntazam dam olishi uchun barcha zarur sharoitlarni tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi.
Bugun, 5-avgust kuni poytaxtdagi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tutash 37 gektar maydondagi park hududini kompleks rivojlantirish va aholi uchun qulay jamoat makoniga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar boshlandi.
Asosiy vazifalar va loyihaning ustuvor yo‘nalishlari sifatida park hududini zamonaviy shaharsozlik talablariga va aholi ehtiyojlariga moslashtirish maqsadida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda:
— Ochiqlik va qulaylik;
— Ekologiya va yashil hudud;
— Zamonaviy infrastruktura.
Rasmiy xabarga ko‘ra, ushbu tashabbuslar poytaxtdagi ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, aholi uchun qulay sharoit taqdim etish, markaziy ko‘chalar va ularga tutash hududlarda yashil maydonlar va bog‘larni kengaytirish maqsadida boshlangan keng ko‘lamli ishlarning bir qismidir.
Park loyihasi
Loyihaga ko‘ra, parkka kirishni cheklab turgan panjarali devorlar olib tashlanadi, qulay kirish joylari tashkil etilib, o‘zaro bog‘langan piyodalar yo‘laklari tarmog‘i barpo etiladi.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar, keksalar, oilalar va bolalar aravachasi bilan harakatlanuvchilar uchun to‘siqsiz muhit yaratiladi. Hududni obodonlashtirish jarayonida mavjud daraxtlar va yashil hududlarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratiladi.
Parkda salqin sayr zonalari va osoyishta dam olish maskanlari tashkil etilib, zamonaviy yoritish tizimlari, qulay navigatsiya hamda tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlovchi vositalar o‘rnatiladi.





