Endi BHMning 400 baravaridan oshadigan tovarlarni naqd pulga olib bo‘lmaydi
Yangi tartib allaqachon kuchga kirgan. Lekin sentabrda bazaviy hisoblash miqdori oshadi. Oldin 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirish taqiqlangan edi.
© vaqt.uzO‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu haqda prezidentning 28-avgustda kuchga kirgan farmonida belgilangan.
2026-yil 1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘mdan 440 ming so‘m oshadi, shunday ekan, BHMning 400 baravari sentabrdan e’tiboran 176 mln so‘mga teng bo‘ladi.
Oldin bu miqdor 25 million so‘mni tashkil etgandi. Gap shundaki, joriy yil 1-apreldan qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirish taqiqlangan edi.
Endi to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladigan tovar va xizmatlar ro‘yxati quyidagicha:
davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar (bundan bank kassalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar mustasno);
alkogol va tamaki mahsulotlari;
transport vositalariga yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transport vositalarini zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
qiymati BHMning 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar (bundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mustasno);
ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat berilgandi.





