Endi jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali beriladi
1-avgustdan yangi elektron tizim ishga tushadi. IIV, Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy ichida uni soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.
© YHXX.UZO‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqish uchun ruxsatnoma faqat elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Bu haqda «Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarorida belgilab берилди.
Qarorga ko‘ra, jarayon «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali maxsus QR-kod asosida amalga oshiriladi. Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yangi tizimni soliq organlarining axborot bazalari bilan integratsiya qiladi.
Integratsiya natijasida jarima maydonlarida saqlanayotgan transport vositalari haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi. Ular orasida avtomobil rusumi, davlat raqami, maydonchaga olib kirilgan va chiqarilgan vaqti hamda undirilgan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
Nazorat to‘liq raqamlashadi
Yangi tartib jarima maydonchalari faoliyatini shaffoflashtirish va ma’lumotlarni yagona elektron tizim orqali yuritishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tizimga qonunbuzarlik sabab ushlangan transport vositalarini saqlash xizmati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning rekvizitlari ham kiritiladi.
Mas’ul idoralarga ikki oy ichida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda barcha texnik integratsiya jarayonlarini yakuniga yetkazish vazifasi berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror bilan O‘zbekistonda «E-bozor» yagona raqamli bozor platformasi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, 1-sentabrgacha 280 ta bozor va savdo kompleksi hamda ularga tutash avtoturargohlarni raqamlashtiriladi va to‘lovlarni yagona QR-kod orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Tizim 2026-yil 1-oktabrgacha tizim sinov tartibida ishlaydi, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq foydalanishga topshiriladi.





