add

Erkinjon Turdimov: «Rahbarlar to‘y va marosimlarni kamtarona o‘tkazishda o‘rnak bo‘lishlari shart»

Bugun 14:351362

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov rahbarlar va mansabdorlardan to‘y hamda marosimlarda ortiqcha dabdabaga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.

Erkinjon Turdimov: «Rahbarlar to‘y va marosimlarni kamtarona o‘tkazishda o‘rnak bo‘lishlari shart»

Sirdaryo viloyatida to‘y va oilaviy marosimlarda ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarlar va mansabdor shaxslar avvalo o‘zlari jamiyat uchun kamtarlikda namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«Eng katta masala to‘ylar, oilaviy tadbirlarni tartibga solish masalasi. Viloyatimiz butun respublika uchun namuna bo‘lishi kerak. Hech bir rahbar, hech bir mansabdor, hech bir puli ko‘p shaxs bu siyosatga xiyonat qila olmaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, hozir to‘ylarda ham, boshqa marosimlarda ham ortiqcha isrof, namoyishkorlik ko‘payib ketmoqda. Afsuski, ayrimlar bu bilan odamlarni hayratga solaman deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Odamlarni bu narsa bilan hayratga solib bo‘lmaydi », — dedi Turdimov.

«Aslida esa to‘y bellashuv emas, baxt kuni, duo kuni ekanligini ko‘pchiligimiz esimizdan chiqarib qo‘yapmiz»,— deydi hokim.

Shuningdek, u 1914 yilda «Oyna» jurnalida chop etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning maqolasini eslab, ziyolilar to‘ylardagi ortiqcha xarajatlarni jamiyat uchun zararli deb hisoblaganini ta’kidladi.

«Behbudiy bobomiz «Qarz qilib xalqqa osh bermoq aqlsizlik emasmi?» degan edi. Agar bu mablag‘lar ilm-ma’rifat, yo‘l qurilishi yoki xalq ehtiyojiga sarflansa, bu haqiqiy xayr. Ammo faqat namoyish uchun ishlatilsa — bu jamiyatga ziyon», — dedi Turdimov.

U rahbarlarni o‘z to‘ylari va qarindoshlarining marosimlarini sodda va yaqinlar davrasida o‘tkazishga chaqirdi. «Madaniyatli, tarbiyali, o‘z qadrini bilgan odam hashamatga berilmaydi, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Biz gap bilan emas, amaliyot bilan o‘rnak bo‘lishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yig‘ilishda hokim barcha rahbarlardan mazkur yo‘nalishda shaxsan namuna bo‘lib, to‘y-marosimlarda ortiqcha dabdaba va ko‘z-ko‘z qilish holatlariga barham berishni talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dabdabali to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish, oilaviy qadriyatlarni asrash hamda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirish maqsadida 90 kunlik targ‘ibot dasturi ishga tushirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dabdabali to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish, oilaviy asrash hamda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirish maqsadida 90 kunlik targ‘ibot dasturi ishga tushirilgan edi.

Ma’lumot uchun, hozirda shu dastur doirasida turli davlat va nodavlat tashkilotlarida dabdabali to‘y va marosimlarni qisqartirish bo‘yicha xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Har bir viloyat hokimi ham dabdabali to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish yuzasidan rahbarlar va mansabdorlarga murojaatnoma bilan chiqishmoqda.

Shuningdek, Vaqt.uz «Amaldorlar buncha dabdabali to‘ylarini qaysi puliga qilmoqda?» nomli tanqidiy material e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Erkinjon Turdimov: «Rahbarlar to‘y va marosimlarni kamtarona o‘tkazishda o‘rnak bo‘lishlari shart» | Vaqt.uz