add

Fabio Kannavaro: «O‘zbekiston jahon chempionatidagi eng qiyin guruhlardan biriga tushdi»

11.12.2025 | 18:207092 daqiqa

Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi debyuti kuchli raqiblar tufayli qiyin bo‘lishini ta’kidladi.

Fabio Kannavaro: «O‘zbekiston jahon chempionatidagi eng qiyin guruhlardan biriga tushdi»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 qur’asiga ko‘ra K guruhidan joy oldi va ushbu tuzilma bosh murabbiy Fabio Kannavaro tomonidan «eng qiyin guruhlardan biri» sifatida baholandi. Uning ta’kidlashicha, Portugaliya va Kolumbiya kabi jahon darajasidagi raqiblar bilan to‘qnash kelishi terma jamoa oldida jiddiy sinov qo‘yadi.

Kannavaro Deportes RCN’ga bergan intervyusida O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ilk ishtiroki musobaqaga tayyorgarlik jarayonini yanada murakkablashtirayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqiblar saviyasidan tashqari, ichki futbol tizimidagi cheklovlar ham jamoaning rivojlanishiga ta’sir qilmoqda. Milliy chempionatdagi o‘yinlar shiddati hali yuqori darajaga yetmagani, buning o‘zi ham jiddiy omil ekanini u ta’kidladi.

Italiyalik mutaxassis Kolumbiya terma jamoasini guruhdagi eng xavfli raqiblardan biri sifatida ko‘rdi.

«Kolumbiya - kuchli jamoa: ularda tezlik, texnika, yuqori intensivlik va iste’dod bor. Bu juda yuqori saviyali terma jamoa va ularga qarshi o‘yin oson bo‘lmaydi».

Kannavaro O‘zbekiston qanday taktika bilan harakat qilishi lozimligini ham aytib o‘tdi.

«Bunday raqiblarga qarshi individual harakatlar ish bermaydi. Yagona mexanizm sifatida harakat qilishimiz kerak. Futbol - bu jamoaviy o‘yin va faqat shu yo‘l bilan biz Kolumbiya va Portugaliyaga nimanidir qarshi qo‘yishimiz mumkin».

O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026dagi ilk o‘yinini 18-iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. 23-iyun kuni esa terma jamoa Portugaliyaga qarshi muhim bellashuvda maydonga tushadi.

2026 yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika hududida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa tarixda ilk bor 48 ta terma jamoani birlashtiradi. Kanada va Meksika 13 tadan o‘yinga mezbonlik qiladi; Kanadada o‘yinlar Toronto va Vankuverda, Meksikada esa Mexiko, Gvadalaxara va Monterreyda o‘tkaziladi. Qolgan barcha uchrashuvlar AQSHning yirik stadionlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid