Logo

«Fonon» zargarlik zavodi 316,7 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi

Kecha 21:563 daqiqa

Davlat «Fonon» zargarlik zavodiga egalik qiluvchi kompaniyadagi 100 foiz ulushini sotmoqda. Kompaniya 2026 yilning birinchi yarmida 33,4 mlrd so‘m foyda qilgan, avvalgi yillarda zararda bo‘lgan. Uning majburiyatlari aktivlaridan 107,3 mlrd so‘mga ko‘p. Xaridor kompaniyani 305,9 mlrd so‘mlik kreditorlik qarzi bilan birga qabul qiladi.

«Fonon» zargarlik zavodi 316,7 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi © Foto: e-auksion

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Fonon» zargarlik zavodiga egalik qiluvchi «Gold Moon Tashkent» kompaniyasidagi 100 foiz davlat ulushini ochiq auksionga qo‘ydi.

Davlat ulushining boshlang‘ich narxi 316,7 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksion 28-sentabr kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Savdoda qatnashish uchun 9,5 mlrd so‘m zakalat kiritish kerak. Auksion narxni oshirib borish usulida o‘tkaziladi va birinchi qadam boshlang‘ich narxning 5 foizini yoki 15,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.

fonon 1

Kompaniya tasarrufida Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 2,56 gektar yer hamda umumiy maydoni 11,37 ming kv metr bo‘lgan bino va inshootlar mavjud. Asosiy fondlarning balans qiymati 110,7 mlrd so‘mni, eskirish darajasi esa 33,2 foizni tashkil etadi.

Auksionga ilova qilingan korxona pasportidagi moliyaviy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, «Gold Moon Tashkent» 2025 yilda 413,8 mlrd so‘m jami daromad olgan. Bu bir yil oldingidan qariyb 1 foizga kam.

Kompaniyaning sof zarari 2024 yildagi 12,3 mlrd so‘mdan 2025 yilda 7,8 mlrd so‘mgacha qisqargan. 2026 yilning birinchi yarmida esa korxona 281,9 mlrd so‘m daromad va 33,4 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan.

Shunga qaramay, kompaniyaning moliyaviy holati to‘liq tiklangan deb bo‘lmaydi. 1-iyul holatiga uning aktivlari 443 mlrd so‘mni, majburiyatlari esa 550,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Natijada sof aktivlar minus 107,3 mlrd so‘m bo‘lib qolmoqda.

Taqqoslash uchun, 2025 yil yakunida manfiy sof aktivlar 140,8 mlrd so‘m edi. Demak, yarim yilda bu ko‘rsatkich 33,5 mlrd so‘mga yaxshilangan, ammo hali ham musbat darajaga chiqmagan.

E-auksion ma’lumotida kompaniyaning kreditorlik qarzi 305,9 mlrd so‘m, debitorlik qarzi esa 13,2 mlrd so‘m ekani ko‘rsatilgan. Xaridor davlat ulushini jamiyatning barcha kreditorlik va debitorlik qarzlari bilan birga qabul qiladi.

Bundan tashqari, «Gold Moon Tashkent» balansidagi bino va inshootlarga tijorat banki tomonidan taqiq qo‘yilgan. Lot kartasida taqiq qaysi bank tomonidan, qanday sababga ko‘ra va qaysi majburiyat doirasida qo‘yilgani ochiqlanmagan.

Xaridorga korxona qiymatini 36 oygacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Dastlabki to‘lov 35 foizdan kam bo‘lsa, qolgan summaga Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi.

Lot shartlarida xaridor uchun qo‘shimcha investitsiya kiritish yoki muayyan miqdordagi ish o‘rinlarini saqlash va yaratish majburiyati ko‘rsatilmagan.

Xodimlar soni bo‘yicha ochiq ma’lumotlarda tafovut ham bor. E-auksion lot kartasida korxonadagi o‘rtacha yillik xodimlar soni 459 kishi deb ko‘rsatilgan, unga biriktirilgan korxona pasportida esa 309 kishi keltirilgan. Bu farqning sababi izohlanmagan.

«Fonon» zavodi 2021 yilda sobiq shu nomdagi ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bazasida ochilgan. Loyiha qiymati o‘sha paytda qariyb 21 mln dollarga baholangan, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 6 tonna zargarlik buyumini tashkil etishi aytilgan edi.

Zargarlik uyi ham sotiladimi?

«Fonon» nomi zavod va zargarlik uyi uchun birga ishlatilsa-da, ular yuridik jihatdan aynan bir aktiv emas. Fonon rasmiy saytiga ko‘ra, zargarlik zavodi «Gold Moon Tashkent» tomonidan tashkil etilgan. Saytning ommaviy ofertasida esa zargarlik buyumlarini sotuvchi sifatida boshqa kompaniya — «Empire Jewelry» MCHJ ko‘rsatilgan.

Shu sababli auksionga Fonon zargarlik uyi va uning do‘konlar tarmog‘i ham qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi. Lot hujjatlarida faqat «Gold Moon Tashkent»dagi 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilgani qayd etilgan. «Empire Jewelry»dagi ulushlar, do‘konlar tarmog‘i yoki FONON tovar belgisining yangi mulkdorga o‘tishi haqida ma’lumot berilmagan.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 290

Barchasi

Mavzuga oid