Fuqarolarni chet elga ishga yuborish to‘liq xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi
Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentlikka 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi.
© Prezident matbuot xizmati2027-yildan boshlab fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkaziladi va har bir hududdagi 2-3 tadan texnikum yirik tadbirkorlar boshqaruviga beriladi. Bu haqda 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, qurilish, sanoat va logistika sohalarida malakali kadrlarga bo‘lgan talab ichki va tashqi bozorda ortib borayotgani inobatga olinib, hududlardagi texnikumlar 15 yil muddatga tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.
Ushbu tizim orqali yiliga kamida 30 ming nafar, o‘qishni tamomlaboq ish joyida faoliyat boshlay oladigan mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Bitiruvchilarga davlat namunasidagi malaka sertifikati taqdim etiladi hamda texnikumlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijlik ish beruvchilar bilan bog‘lanadi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning kadr tayyorlash va uskuna xarid qilishga sarflagan mablag‘lari to‘langan soliqlardan chegirib tashlanadi. Shuningdek, chet elda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslardan biri sifatida Sergelidagi «Toshkent quvur zavodi» o‘z ustalarini jalb etib, yiliga 2,5 ming payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash istagini bildirgani qayd etildi.
«Men ishonaman: chempion tadbirkorlarimiz chet elda «o‘zbek mutaxassislari brendi»ni yaratishda ham davlatga ko‘makchi bo‘ladi», – dedi Prezident yig‘ilish davomida.
Xususiy bandlik agentliklariga beriladigan imtiyozlar va qat’iy talablar
Endi xususiy bandlik agentliklari orqali yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentlikka 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lab beriladi. Yoshlarni kasb va tilga tayyorlash uchun esa texnikum binolarining bir qismi ularga bepul ijaraga berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, chet eldan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlarga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, o‘quv jarayoni uchun keltiriladigan zarur uskuna va jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yil ichida ularning soni uch baravar, ular orqali xorijda ishga joylashganlar soni esa besh karra ortgan.
Biroq bu jarayonda xatolar, korrupsiya va fuqarolarni aldash holatlari ham kuzatilgan. Bunday muammolarni bartaraf etish va huquqiy asos yaratish maqsadida alohida qonun qabul qilingan.
Yangi tartibga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari to‘liq shaffof tizimda ishlaydi va ularning ochiq reytingi yuritiladi. Agentliklarni baholashda fuqaroning aniq ishga joylashishi, huquqlari ta’minlanishi, yuqori daromad olishi va kafolatli ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezon bo‘ladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga bir oy muddatda agentliklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qaror loyihasini kiritish vazifasini yukladi. Unda agentliklar faoliyatini ijtimoiy xizmat sifatida ko‘rib, ularni soliqqa tortishni shunga mos ravishda soddalashtirish nazarda tutiladi.
Qayd etilishicha, xalqaro mehnat bozorida yirik rekruting kompaniyalari ish beruvchilar bilan malakali mutaxassislar o‘rtasida muhim bog‘lovchiga aylangan.
Yig‘ilishda bunday kompaniyalar O‘zbekistonda ham mutaxassislarni o‘zlari tayyorlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga joylashtirishi uchun sharoit yaratishi zarurligi ta’kidlandi.
2027-yil mamlakatimizda ikkita yirik xalqaro rekruting kompaniyasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq migratsiya markazi uchun har bir viloyatga 8 mlrd so‘mdan ajratilishi haqida xabar berilgandi.





