add

«General Moroz» — Kremlning Ukraina urushidagi yangi strategiyasiga aylandi

Bugun 11:582 daqiqa

Rossiyaning qish o‘rtasida energetikaga bergan zarbalari Ukrainada yangi qochqinlar to‘lqinini keltirib chiqarish va Yevropa Ittifoqiga bosimni oshirishga qaratilgan.

«General Moroz» — Kremlning Ukraina urushidagi yangi strategiyasiga aylandi© Foto: Yuliia Ovsiannikova/Avalon/IMAGO

Britaniyaning «The Spectator» nashri Rossiya Ukrainaga qarshi urushda qishni qurol sifatida ishlatishga qaratilgan yangi, hisob-kitobli strategiyani amalga oshirayotganini yozdi. Jurnal tahririyat rahbarining o‘rinbosari Ouen Metyuz fikricha, so‘nggi haftalarda Ukraina energetika infratuzilmasiga berilgan kuchli zarbalar shaharlarni yashash uchun yaroqsiz holga keltirishni maqsad qilgan.

Maqolada qayd etilishicha, Kreml avvalgi qishki kampaniyalarda kutilgan samaraga erisha olmagan, ammo 2026 yil qishida havo harorati keskin pasaygan pallada strategiyani tubdan kuchaytirgan. Ayrim hududlarda harorat –16 darajagacha tushgan bir paytda issiqlik tarmoqlari, elektr uzatish tizimlari va hayot uchun muhim obyektlar nishonga olinmoqda.

Ouen Metyuz keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir hafta ichida Rossiya tomonidan qariyb 1100 ta dron, 890 ta boshqariladigan aviabomba va 50 dan ortiq raketa qo‘llangan. Ular orasida gipertovushli «Oreshnik» raketasi ham bor. Zarbalari asosan elektr stansiyalari va turarjoy binolariga qaratilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu hujumlarni «surbetlik bilan amalga oshirilayotgan terror» deb atab, minglab binolar issiqliksiz qolganini ta’kidladi. Dekabr oxiridan beri Odessa, Sumi, Dnipro, Xarkiv, Jitomir, Zaporijjya hamda Kiyev va atrof hududlarda elektr va issiqlik ta’minoti uzilib turdi.

Maqolada ta’kidlanishicha, qishda issiqlik tarmoqlarining vayron bo‘lishi uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi: quvurlardagi suv muzlab yoriladi va ularni bahorgacha tiklash deyarli imkonsiz. Bu esa ko‘plab ukrainaliklarni mamlakatni tark etishga majbur qilmoqda. Chegaradan o‘tish oqimi yil boshidan beri taxminan 27 foizga oshgan.

Nashr fikricha, Germaniya, Polsha, Chexiya va Niderlandiya kabi davlatlar ehtimoliy yangi qochqinlar to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Muallifning bahosiga ko‘ra, Moskva humanitar inqiroz orqali Yevropa poytaxtlariga siyosiy bosim o‘tkazishni ko‘zlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid