Logo

«Google» va «Apple» dasturchilarni o‘z to‘lov tizimlariga bog‘lab qo‘ygani uchun jazolandi

Bugun 20:122 daqiqa

Janubiy Koreya «Google» va «Apple» kompaniyalariga ilova to‘lovlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun jami 47,5 million dollarga yaqin jarima soldi. Regulyator ikki kompaniyani dasturchilarni o‘z to‘lov tizimlaridan foydalanishga undash, tashqi to‘lovlarga to‘siq qo‘yish va ilovalarni tekshirish jarayonini asossiz kechiktirishda aybladi.

«Google» va «Apple» dasturchilarni o‘z to‘lov tizimlariga bog‘lab qo‘ygani uchun jazolandi

Janubiy Koreyada Amerikaning texnologik gigantlari — «Google» va «Apple» kompaniyalari monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani uchun yirik miqdorda jarimaga tortildi. Bu haqda Janubiy Koreyaning «Ommaviy axborot vositalari va kommunikatsiyalar komissiyasi» ma’lum qildi.

Tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tergov yakunlariga ko‘ra, qonunbuzilish holatlari uchun «Google» kompaniyasiga 32 million dollar, «Apple» kompaniyasiga esa 15,5 million dollar miqdorida jarima belgilandi.

Ushbu tekshiruvlar 2021 yilda qabul qilingan monopoliyaga qarshi qonun buzilish holati bilan o‘tkazilgan. Mazkur qonun ilova yaratuvchilarini faqat ma’lum bir to‘lov tizimidan foydalanishga majburlashni taqiqlaydi.

Ichki to‘lovlarga majburlash va sun’iy to‘siqlar

Regulyator bayonotida ta’kidlanishicha, «Google» va «Apple» ilova ishlab chiquvchilarni bevosita o‘zlarining ichki to‘lov tizimlaridan foydalanishga yo‘naltirgan. Shu bilan birga, tashqi internet resurslari orqali to‘lovlarni amalga oshirish uchun sun’iy to‘siqlar yaratilgan.

«Garchi kompaniyalar texnik jihatdan ilovalarda uchinchi tomon to‘lov tizimlaridan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, ulardan 26 foiz miqdorida komissiya undirgan va o‘z tizimlaridagi ba’zi funksiyalarga kirishni cheklab qo‘ygan», — deyiladi xabarda.

Komissiya ushbu harakatlarni ishlab chiquvchilarni kompaniya platformalaridan foydalanishga faktik ravishda majburlash sifatida baholadi. Bundan tashqari, tekshiruv davomida ilovalarni tasdiqlash jarayonini asossiz ravishda kechiktirish va bu bo‘yicha ishlab chiquvchilarga ishonchli tushuntirishlar berilmaslik holatlari ham aniqlangani qayd etildi.

Qo‘llanilgan moliyaviy jarimalardan tashqari, regulyator har ikki texnologik gigant zimmasiga yangi majburiyatlar yukladi. Unga ko‘ra, endilikda kompaniyalar Janubiy koreyalik ishlab chiquvchilar uchun ilovalarda tashqi to‘lov havolalaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini ta’minlashi hamda tekshiruv jarayonlarini yanada takomillashtirishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid