add

Grenlandiyani egallash AQSHga qimmatga tushishi mumkin — «The Economist»

Bugun 11:282 daqiqa

«The Economist» nashri Yevropa Ittifoqi AQSHga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan zaif nuqtalarni sanab o‘tdi.

Grenlandiyani egallash AQSHga qimmatga tushishi mumkin — «The Economist»

«The Economist» nashri tahliliga ko‘ra, agar AQSH Grenlandiyani kuch ishlatib qo‘lga kiritishga urinsa, Yevropa Ittifoqi qo‘lida Vashingtonga qarshi qator jiddiy bosim vositalari mavjud. Nashr qayd etishicha, bunday ssenariyda Donald Tramp «orolni qo‘lga kiritib, butun qit’ani yo‘qotishi» mumkin.

Avvalo, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy frontda javob choralarini ishga solishi mumkin. Gap sanksiyalar va bojlar joriy etish, 2025 yil avgustda imzolangan savdo kelishuvini bekor qilish, shuningdek, AQSHning yirik texnologik korporatsiyalariga qarshi cheklovlar qo‘llash haqida ketmoqda. «The Economist» fikricha, aynan IT va raqamli xizmatlar AQSHning Yevropa bozoridagi eng og‘riqli nuqtalaridan biri hisoblanadi.

Ikkinchi muhim richag — harbiy infratuzilma. Nashr ta’kidlashicha, Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasi va Yevropada joylashgan boshqa harbiy obyektlarsiz AQSHning Afrika va Yaqin Sharqda harbiy kuchini samarali proyeksiya qilishi deyarli imkonsiz bo‘ladi. Misol tariqasida, 7-yanvar kuni Venesuelaga tegishli tankerni qo‘lga olish amaliyoti keltiriladi — bu operatsiya Britaniya harbiy bazalariga tayangan holda amalga oshirilgan.

Uchinchi zaif nuqta — Arktikadagi logistika va xavfsizlik. «The Economist»ning yozishicha, Arktikadagi tahdidlarni nazorat qilish AQSH uchun Grenlandiya, Islandiya, Buyuk Britaniya va Norvegiya bilan yaqin hamkorlikni talab qiladi. Yevropa davlatlarisiz bu mintaqada uzluksiz harbiy va logistik huzurni ta’minlash qiyinlashadi.

Shu bilan birga, nashr Yevropa Ittifoqi keskin iqtisodiy javob choralarini qabul qilar ekan, mudofaa xarajatlarini tezkor oshirishga ham majbur bo‘lishini qayd etadi. Yangi savdo urushi Yevropa budjetlariga «ulkan bosim» o‘tkazishi mumkin.

«The Economist»ning alohida ta’kidlashicha, Grenlandiyani kuch bilan egallash NATO nizomining 5-moddasi — jamoaviy mudofaa tamoyiliga bo‘lgan ishonchni jiddiy ravishda yemirishi mumkin.

Avvalroq Donald Tramp Grenlandiyani AQSH uchun «mutlaqo zarur» deb atagan edi. Bu bayonotdan so‘ng Daniya, Germaniya, Fransiya va boshqa Yevropa davlatlari orolga harbiy kontingent yuborib, «Arktika barqarorligi» operatsiyasida ishtirok eta boshladi.

Avvalroq Tramp 2026 yil 1-fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyadan AQSHga eksport qilinadigan barcha tovarlarga 10 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari bu tahdidlarni qoralab, transatlantik munosabatlar izdan chiqishi va xavfli «pasayish spirali» yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Teglar

Mavzuga oid