Logo

Homiladorlik va kasallik nafaqalari «Baraka» kartasiga o‘tkaziladi

Bugun 16:162 daqiqa

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida fuqarolarga homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi tartibi joriy etildi.

Homiladorlik va kasallik nafaqalari «Baraka» kartasiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini «Baraka» ijtimoiy kartasi orqali to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaroda «Baraka» ijtimoiy kartasi mavjud bo‘lsa, tayinlangan nafaqa mablag‘lari hech qanday qo‘shimcha ariza yoki murojaatsiz avtomatik ravishda ushbu kartaga o‘tkaziladi.

Bunda fuqaroning bankka borishi, alohida hisob raqami yoki karta ochishi, shuningdek, nafaqa mablag‘larini olish uchun qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishi talab etilmaydi.

Karta bo‘lmasa nima bo‘ladi?

Agar fuqaroda «Baraka» ijtimoiy kartasi bo‘lmasa, nafaqa tayinlanganidan so‘ng u uchun «Baraka» mobil ilovasi orqali virtual ijtimoiy karta avtomatik tarzda ochiladi.

Nafaqa mablag‘lari shu virtual kartaga o‘tkaziladi. Buning uchun ham bankka borish yoki alohida ariza bilan murojaat qilish talab qilinmaydi.

Fuqaro «Baraka» mobil ilovasi orqali virtual karta holati va unga kelib tushgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borishi mumkin. Shu bois nafaqa tayinlangan fuqarolarga ilovadagi ma’lumotlarni muntazam tekshirib turish tavsiya etilmoqda.

Agar jismoniy plastik karta zarur bo‘lsa, uni «Baraka» mobil ilovasi orqali buyurtma qilish mumkin. Vazirlikka ko‘ra, kasallik nafaqasi tayinlangan fuqarolarga «Baraka» ijtimoiy kartasi bepul rasmiylashtirib beriladi.

Yangi mexanizm nafaqa olish jarayonini soddalashtirish va davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi xizmatlarni raqamlashtirishga qaratilgan. Endi to‘lovlarni olish uchun bank va boshqa idoralarga qo‘shimcha murojaat qilish zarurati kamayadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, elektron shakldagi to‘lovlar nafaqa mablag‘larini fuqarolarga yanada tezkor va shaffof yetkazish imkonini beradi.

Nafaqa tayinlanganini aniqlash, to‘lov muddati yoki kasallik nafaqasi miqdori bo‘yicha ma’lumot olish uchun fuqarolar 1070 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi yoki mahallaga biriktirilgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining To‘lovlar sho‘basiga murojaat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid