Logo

Ilon Mask trillioner maqomini yo‘qotdi

Bugun 15:173 daqiqa

Uning boyligi 118 milliard dollarga kamaydi. Bu holat kosmik sanoat aksiyalaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik va xususiy kosmik kompaniyalarning kelajagi bo‘yicha investorlar fikri o‘zgargani bilan izohlanmoqda.

Ilon Mask trillioner maqomini yo‘qotdi © New York Post

Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining trillioner maqomini yo‘qotganini tan oldi. Bunga uning asosiy aktivlari, ayniqsa «SpaceX» kompaniyasi aksiyalari qiymatining keskin pasayishi sabab bo‘ldi. Bu haqda «Bloomberg» yozdi.

Oqibatda Maskning boyligi 118 milliard dollarga kamaydi. Bu holat kosmik sanoat aksiyalaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik va xususiy kosmik kompaniyalarning kelajagi bo‘yicha investorlar fikri o‘zgargani bilan izohlanmoqda. Avval rekord darajaga yetgan boylik bozor tuzatishlariga bardosh bera olmadi. Bu esa aksiyalarga bog‘liq juda katta boyliklar qanchalik beqaror bo‘lishini yana bir bor ko‘rsatdi.

Mask qanday qilib trillioner bo‘lgandi?

2026-yil 12-iyun kuni «SpaceX» kompaniyasi birjada ilk bor aksiyalarini sotishni boshlagach (IPO), Ilon Maskning boyligi tarixda ilk marta 1 trillion dollardan oshdi. Iyun oyi o‘rtalarida investorlarning katta qiziqishi tufayli «Forbes» uning boyligini 1,3 trillion dollar deb baholadi. Bunga asosiy sabab «SpaceX» kompaniyasi qiymatining 3 trillion dollardan oshgani bo‘ldi. Birjadagi ilk savdolarda aksiyalar 19 foizga ko‘tarildi va keyinchalik yana shunga yaqin o‘sdi. O‘sha paytda Maskning boyligi kuniga 165 milliard dollarga oshayotgani aytilgan. Mutaxassislar buni «SpaceX»ning tijoriy kosmik parvozlar bozoridagi ustunligi va Marsni o‘zlashtirish rejalari bilan bog‘lagan.

Moliyaviy tahlilchilarning aytishicha, bu bozor kompaniya qiymatini uning haqiqiy moliyaviy natijalaridan ancha yuqori baholagan holat edi. Ularning aytishicha, Mask boyligining qariyb 90 foizi aksiyalarga bog‘liq, shu sababli bozor o‘zgarishlari uning boyligiga juda tez ta’sir qiladi.

«SpaceX» nega qadrsizlandi?

Bir necha haftalik o‘sishdan so‘ng bozor keskin pasaydi. Atigi bir oy ichida «SpaceX» aksiyalari 40 foizga yaqin qiymatini yo‘qotdi. 24-iyul kuni aksiyalar narxi 115,07 dollar bilan yopildi. Oqibatda Mask 118 milliard dollar yo‘qotdi va «X» ijtimoiy tarmog‘ida hazil tariqasida o‘zini «sobiq trillioner» deb atadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, investorlar foydasini olib chiqishni boshlagani va kompaniyaning hozirgi daromadlari uning juda yuqori bozor bahosiga mos kelmagani bunga asosiy sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, AQSHda yoqilg‘i narxlarining oshishi transport va kosmik kompaniyalar xarajatlarini ham ko‘paytirmoqda.

Bu holat bozorga qanday ta’sir qildi?

Mask boyligining keskin kamayishi butun texnologiya sektoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yirik tadbirkorning yuzlab milliard dollar yo‘qotishi investorlarni boshqa yirik texnologik kompaniyalarning barqarorligiga ham shubha bilan qarashga majbur qilmoqda. Savdo cheklovlari va iqtisodiy noaniqlik kuchaygan bir paytda investorlar xavfli aksiyalarni sotib, mablag‘larini xavfsizroq investitsiyalarga yo‘naltirishi mumkin.

Bundan tashqari, Maskning shaxsiy moliyaviy holati «Tesla» va «X» platformasini qo‘llab-quvvatlash bilan ham chambarchas bog‘liq. «SpaceX» qiymatining pasayishi unga aksiyalarni garovga qo‘yib arzon kredit olish imkoniyatini ham cheklab qo‘ymoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik milliarder Ilon Mask «The Economist» nashriga bergan intervyusida Rossiya qo‘shinlarining to‘liq chekinishini kutish haqiqatdan yiroq ekanini aytib, urushni davom ettirayotganlarni keskin tanqid qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid