
Ilovada olsa bo‘ladigan oltin, birjada arzonlashgan bug‘doy va qoramollardagi kasallik — 4 noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifini yakunlab, Vashingtonga jo‘nab ketdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarga amaliy tashrifini yakunlab, AQSH prezidenti taklifiga binoan «C5+1» sammitida ishtirok etish uchun Vashingtonga jo‘nab ketdi. Tashrif doirasida u AQSH prezidenti, Kongress va vazirliklar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni, xususan, savdo, investitsiya va gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, Mirziyoyev AQSHning yetakchi kompaniya va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashadi.
Qoramollarda «Nodulyar dermatit» tarqalgani haqidagi xabarga rasmiy izoh berildi
Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi qoramollar orasida «Nodulyar dermatit» kasalligi tarqalayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Qo‘mita matbuot kotibi Anvar Suyunov ma’lum qilishicha, mamlakatning hech bir hududida bunday holat aniqlanmagan, tarqalayotgan ma’lumotlar esa uydirma hisoblanadi.
Rasmiy izohga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar muddati yaqinlashgan dori vositalarini sotish maqsadida «kasallik tarqaldi» degan xabarlarni ataylab yoyishmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda epizootik vaziyat barqaror, dermatit belgilari laboratoriya tekshiruvlarida ham tasdiqlanmagan.
Birjada sement va bug‘doy narxlarida pasayish kuzatildi
O‘tgan hafta “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”da sement va bug‘doy narxlari pasayishi kuzatildi. 27 oktyabr – 2 noyabr kunlari o‘tkazilgan savdolarda 38 mingdan ortiq bitim tuzilib, byudjet va korporativ buyurtmachilar qariyb 150,6 mlrd so‘m mablag‘ni tejadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sementning o‘rtacha narxi 642,3 ming so‘mdan 578,2 ming so‘mga, bug‘doy narxi esa 3 172,6 ming so‘mdan 3 140,5 ming so‘mga tushdi. Birja ma’lumotiga ko‘ra, bozorda barqaror narx dinamikasi saqlanmoqda.
Samarqand noyabr oyida yana bir xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi
Samarqand noyabr oyida yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiyaning 20-konferensiyasiga (CITES COP20) mezbonlik qiladi. Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda tadbirga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.
CITES bosh kotibi Ivonn Iguyero ma’lum qilishicha, forumda 185 davlatdan 3 mingga yaqin delegat ishtirok etadi. Samarqanddagi anjuman 2025 yilning eng yirik ekologik voqealaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Tadbir doirasida 100 dan ortiq qo‘shimcha sessiya va ko‘rgazmalar o‘tkazilib, noyob turlarni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish masalalari muhokama qilinadi.
O‘zbekistonda endi oltinni mobil ilova orqali xarid qilish mumkin
O‘zbekiston Adliya vazirligi «Banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat banklar va mikromoliya banklariga qimmatbaho metallar bilan savdo qilishning yangi imkoniyatlarini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, mijozlar endilikda bankning mobil ilovasi orqali o‘lchovli oltin quymalarni sotib olish va ularni qaytarib sotish imkoniga ega bo‘ladi.
Tijorat banklarida qimmatbaho metallar bilan bog‘liq quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
— mijozlar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni bankning mobil ilovasi orqali sotib olish va qaytarib sotish;
— banklar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni Markaziy bankdan sotib olish orqali sotish va qaytarib sotib olish;
— banklar tomonidan qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda sotish va qaytarib sotib olish.
Shuningdek, banklar va mijozlar o‘rtasida qimmatbaho metallar bilan operatsiyalar mobil ilova orqali amalga oshiriladigan elektron shartnoma — oferta tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.





