Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari aniqlandi
2026-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqan olimlar Robert Holl va Maykl Vudford berildi.
© Reuters2026-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olimlar Robert Holl va Maykl Vudford berildi. Ular «makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslari»ni ishlab chiqqani uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.
Robert Holl Stenford universiteti, Maykl Vudford esa Kolumbiya universiteti vakili hisoblanadi. Olimlarning tadqiqotlari iqtisodiy o‘sish va pasayish davrlarini yumshatish, shuningdek, pul-kredit va budjet siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Iqtisodiyotdagi keskin tebranishlar ishlab chiqarish, iste’mol va bandlikka ta’sir qiladi. Iqtisodiy pasayish davrida foiz stavkalarini tushirish yoki davlat xarajatlarini oshirish talabni rag‘batlantirishi mumkin. Iqtisodiyot ortiqcha qizib ketganda esa aksincha choralar talab etiladi.
Biroq bunday siyosatning natijasi qarorlar qachon qabul qilinishi va aholi hamda biznesning ularga qanday munosabat bildirishiga bog‘liq. Holl va Vudfordning ishlari aynan shu bog‘liqliklarni tushuntirishga xizmat qiladi.
Modellardagi yangi yondashuv
1970-yillardagi neft inqirozlari G‘arb iqtisodiyotida murakkab vaziyatni yuzaga keltirdi. Past iqtisodiy o‘sish, yuqori ishsizlik va inflatsiyaning bir vaqtda kuzatilishi o‘sha davrdagi iqtisodiy modellar hamda barqarorlashtirish siyosatining samaradorligiga nisbatan shubhalarni kuchaytirdi.
Holl va Vudford makroiqtisodiy modellarni uy xo‘jaliklari va korxonalarning qarorlariga asoslash yondashuvini rivojlantirdi. Bu usul iqtisodiyotdagi umumiy o‘zgarishlarni alohida iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilarning tanlovlari orqali tushuntirish imkonini beradi.
Mazkur yondashuvda odamlar jamg‘arma, iste’mol va xarajatlar bo‘yicha qaror qabul qilganda kelajakdagi daromadlar, narxlar va iqtisodiy siyosatni ham hisobga olishi muhim. Shu sababli markaziy bankning kelgusi qarorlari haqidagi ishonchli signallar ham iqtisodiy faollikka ta’sir qilishi mumkin.
Ushbu modellar iqtisodiy siyosatni faqat o‘tgan davr ko‘rsatkichlariga emas, balki odamlar va biznesning kutilmalariga tayangan holda baholash imkonini beradi.
«Laureatlarning ishlari butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar va hukumatlar tomonidan qo‘llaniladigan modellar uchun mustahkam nazorat poydevorini yaratib berdi. Ular yordamida biz energetika inqirozlari yoki uy xo‘jaliklari iste’molining keskin o‘zgarishi kabi iqtisodiy shoklarga qarshi kurashishga yaxshiroq tayyormiz», – deydi Iqtisodiyot fanlari mukofoti qo‘mitasi raisi Jon Hassler.
Ma’lumot uchun, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot 1968-yilda Shvetsiya Markaziy banki tashabbusi bilan ta’sis etilgan va 1969-yildan beri berib kelinadi. U Alfred Nobel vasiyatidagi dastlabki beshta mukofot tarkibiga kirmaydi, ammo Nobel mukofotlari bilan bir qatorda topshiriladi. Mukofotning umumiy miqdori 12 mln shved kronasi yoki taxminan 1,2 mln dollarni tashkil etadi.





