Jahon chempionatining Meksikadagi o‘yinlari ko‘chiriladimi? Prezidentlar bayonot e’lon qildi

25.02.2026 | 22:402 daqiqa

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi uch o‘yini Mexiko, Hyuston va Atlanta shaharlarida o‘tkazilishi belgilangan.

Jahon chempionatining Meksikadagi o‘yinlari ko‘chiriladimi? Prezidentlar bayonot e’lon qildi

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum 2026 yilgi Jahon chempionati doirasida mamlakatga tashrif buyuradigan muxlislar uchun «hech qanday xavf yo‘q»ligini e’lon qildi. Bu haqda «Reuters» xabar bermoqda.

Tartibsizliklar fonidagi bayonot

Uning bayonoti Xalisko shtatida eng ko‘p qidiruvda bo‘lgan narkokartel yetakchisi Nemesio Osegera harbiy amaliyot chog‘ida o‘ldirilganidan keyin boshlangan tartibsizliklar fonida yangradi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Mexiko, Monterrey va Gvadalaxara shaharlarida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar xavfsizligi bo‘yicha «barcha kafolatlar» ta’minlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat barqarorlashmoqda. Kartel yetakchisi Nemesio Osegera 22-fevral kungi harbiy amaliyot chog‘ida o‘ldirilgach, uning tarafdorlari qasos olish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatgan hamda avtobuslar va do‘konlarga o‘t qo‘ygan. Hozirda xavfsizlik kuchlari jamoat tartibini tiklash va aholi osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirgan.

FIFAning munosabati

FIFA prezidenti Janni Infantino yozgi turnirning Meksikada o‘tkazilishi yuzasidan o‘zini «juda xotirjam» his qilayotganini bildirdi.

«Hammasi ajoyib bo‘ladi», — dedi u.

FIFA vakili tashkilot vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va mahalliy hukumat bilan doimiy aloqada ekanini ma’lum qildi.

Mezbonlik rejalari

Xalisko gubernatori Pablo Lemus shtatning turnirdagi ishtirokini tasdiqlab, mintaqada bir qator tadbirlar rejalashtirilganini bildirdi.

«FIFA tomonidan Meksikadagi birorta stadionni o‘yinlar ro‘yxatidan chiqarish rejalashtirilmagan», — dedi u.

Meksika 2026 yilgi Jahon chempionatining 104 o‘yinidan 13 tasiga mezbonlik qiladi. Ularning to‘rttasi Gvadalaxarada o‘tkaziladi. Shuningdek, 11-iyun kuni turnir boshlanishidan avval mamlakat bir nechta tayyorgarlik o‘yinlarini ham qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi uch o‘yinini Meksikaning Mexiko hamda AQSHning Hyuston va Atlanta shaharlarida o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid