Logo

Kredit olgan odam vafot etsa, qarzga nima bo‘ladi?

Kecha 21:368 daqiqa

Kredit olgan shaxsning vafot etishi bank oldidagi qarzni avtomatik ravishda bekor qilmaydi. Biroq bu qarz marhumning turmush o‘rtog‘i, farzandlari yoki boshqa yaqinlari zimmasiga shunchaki qarindosh bo‘lgani uchun o‘tmaydi. Qarzning keyingi taqdiri meros tarkibi, kredit ta’minoti, sug‘urta, kafillik va shartnomada boshqa qarzdorlar mavjudligiga qarab belgilanadi.

Kredit olgan odam vafot etsa, qarzga nima bo‘ladi?

Kredit olish nafaqat mablag‘dan foydalanish imkonini, balki uni belgilangan muddat va shartlarda qaytarish majburiyatini ham anglatadi. Biroq qarz oluvchi kredit to‘liq so‘ndirilmasidan vafot etsa, majburiyat har doim ham o‘z-o‘zidan bekor bo‘lmaydi. Ayrim holatlarda qarz meros tarkibida merosxo‘rlarga o‘tishi, turmush o‘rtog‘i, birgalikda qarz oluvchi, kafil yoki sug‘urta tashkilotining javobgarligi masalasi yuzaga kelishi mumkin.

Nega qarz vafot etish bilan bekor bo‘lmaydi?

Fuqarolik qonunchiligiga ko‘ra, qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ayrim majburiyatlar uning vafoti bilan tugaydi. Masalan, shaxsning o‘zi bajarishi zarur bo‘lgan ayrim xizmatlar yoki uning shaxsiga bevosita bog‘langan majburiyatlar shular jumlasidan.

Kredit esa pul majburiyati hisoblanadi. Uni bajarish faqat qarz oluvchining shaxsan ishtirok etishini talab qilmaydi. Shu sabab kredit bo‘yicha asosiy qarz, foizlar va qonuniy talablar, shaxs vafoti bilan avtomatik bekor bo‘lmaydi.

Fuqarolik kodeksining 1113-moddasiga muvofiq, meros ochilgan paytda marhumga tegishli bo‘lgan va uning vafoti bilan tugamaydigan huquq hamda majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Demak, meros faqat uy, avtomobil, omonat yoki boshqa aktivlardan iborat emas. Marhumning bajarilmagan moliyaviy majburiyatlari ham meros masalasini hal qilishda hisobga olinadi.

Shu bilan birga insonning marhumga qarindoshligi uning kreditni avtomatik to‘lashi kerakligini anglatmaydi.

Bank, marhumning farzandidan faqat farzand bo‘lgani uchun, turmush o‘rtog‘idan faqat nikohda bo‘lgani uchun va aka-uka yoki opa-singildan esa faqat yaqin qarindosh bo‘lgani uchun qarzni to‘lashni talab qila olmaydi. Buning uchun huquqiy asos bo‘lishi kerak. Bunday asos meros olish, birgalikda qarz oluvchilik, kafillik, birgalikdagi majburiyat yoki garov bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Merosxo‘r qancha miqdorda javob beradi?

Fuqarolik kodeksining 1156-moddasiga ko‘ra, marhumning kreditorlari o‘z talablarini merosxo‘rlarga, vasiyatnomani ijro etuvchiga yoki merosni boshqaruvchiga qo‘yishi mumkin.

Bunda har bir merosxo‘r o‘ziga tekkan mol-mulk qiymati doirasida javob beradi.

Masalan:

kredit qarzi — 150 mln so‘m;
marhumdan qolgan umumiy mol-mulk — 90 mln so‘m;
merosxo‘rga tekkan mol-mulk — 45 mln so‘m.

Mazkur merosxo‘rning merosxo‘r sifatidagi javobgarligi 45 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Bank qolgan qarzni uning ish haqi, shaxsiy avtomobili yoki merosga aloqasi bo‘lmagan boshqa mol-mulkidan undirishni faqat merosxo‘rlik munosabatiga asoslanib talab qila olmaydi.

Biroq u kredit shartnomasida birgalikda qarz oluvchi yoki kafil sifatida qatnashgan bo‘lsa, uning javobgarligi meros qiymati bilan cheklanmasligi mumkin. Chunki bunday holatda javobgarlik merosxo‘rlikdan emas, alohida shartnomadan kelib chiqadi.

Bir nechta merosxo‘r bo‘lsa, qarz qanday taqsimlanadi?

Qonunchilikda merosxo‘rlar kreditor oldida solidar qarzdorlar sifatida javob berishi belgilangan. Bu bank talabni bir yoki bir nechta merosxo‘rga qo‘yishi mumkinligini anglatadi. Solidar javobgarlikda bank qarzning to‘liq summasini barcha merosxo‘rlardan birgalikda yoki ularning istalgan biridan talab qilishi mumkin.

Shunga qaramay, har bir merosxo‘r uchun maksimal javobgarlik chegarasi unga tekkan meros qiymati hisoblanadi.

Masalan, uch nafar merosxo‘rga mos ravishda 60 mln, 40 mln va 20 mln so‘mlik mol-mulk tekkan bo‘lsa, ularning hech biri o‘ziga tekkan mol-mulk qiymatidan ortiq summaga faqat merosxo‘r sifatida javob bermasligi kerak.

Merosdan voz kechilsa, kreditni to‘lash kerakmi?

Merosxo‘r merosdan voz kechishga haqli (FK 1147-modda). Buning uchun meros ochilgan joydagi notariusga yozma ariza beriladi. Merosdan qonuniy tartibda voz kechgan shaxs, agar kredit bo‘yicha boshqa mustaqil majburiyati bo‘lmasa, marhumning qarzlariga merosxo‘r sifatida javob bermaydi.

Ammo bunda muhim jihat bor. Merosning faqat qarz qismidan voz kechib, uy, avtomobil yoki boshqa aktivlarni olib qolish mumkin emas. Meros mol-mulk va u bilan bog‘liq majburiyatlar majmui sifatida baholanadi.

Shuningdek, FK 1147-moddasi 4-qismiga ko‘ra, merosdan voz kechish to‘g‘risidagi arizani keyinchalik qaytarib olish yoki bekor qilish mumkin emas.

Shu bois qaror qabul qilishdan oldin marhumning barcha mol-mulki, banklardagi kreditlari, mikroqarz va kredit karta qarzlari, soliqlar va boshqa majburiyatlar, garov va kafillik shartnomalari hamda mavjud sug‘urta polislarini to‘liq tekshirib chiqish kerak.

Turmush o‘rtog‘i kreditni to‘lashi shartmi?

Marhumning eri yoki xotini bo‘lishning o‘zi kreditni to‘lash majburiyatini yuzaga keltirmaydi. Turmush o‘rtog‘ining javobgarligi bir nechta holatga bog‘liq.

1. Turmush o‘rtog‘i birgalikda qarz oluvchi bo‘lsa

Agar kredit shartnomasida er va xotin birgalikda qarz oluvchi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, tirik qolgan turmush o‘rtog‘i shartnomadagi o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etadi.

Bunday javobgarlik uning meros olgan-olmaganidan qat’i nazar, bevosita kredit shartnomasidan kelib chiqadi.

2. Turmush o‘rtog‘i kafil bo‘lsa

Agar u kredit bo‘yicha kafillik shartnomasini imzolagan bo‘lsa, bank unga kafil sifatida talab qo‘yishi mumkin. Bunda kafillik shartnomasining muddati, hajmi, shartlari va qarzdor almashganda kafilning roziligi masalasi tekshiriladi.

3. Kredit oila ehtiyojlari uchun ishlatilgan bo‘lsa

Oila kodeksi 34-moddasiga ko‘ra, er yoki xotinning majburiyati bo‘yicha olingan mablag‘lar oilaning umumiy ehtiyojlariga sarflangani sudda aniqlansa, undiruv er-xotinning umumiy mol-mulkiga qaratilishi mumkin.

Masalan, kredit mablag‘i oilaviy uy sotib olishga yoki uy-joyni ta’mirlashga sarflangan bo‘lsa, qarzning umumiy oilaviy majburiyat ekanligi masalasi yuzaga kelishi mumkin.

Biroq bank kreditning oila ehtiyojlariga sarflanganini asoslab berishi kerak. Marhumning shaxsiy maqsadlari uchun olingan har qanday kredit avtomatik ravishda umumiy oilaviy qarzga aylanmaydi.

4. Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulush

Nikoh davomida orttirilgan mol-mulk er-xotinning umumiy mulki hisoblanadi. Marhumning ushbu umumiy mol-mulkdagi ulushi aniqlanib, meros tarkibiga kiritilishi mumkin.

Shundan keyin kreditor talabi marhumga tegishli ulush doirasida ham ko‘rib chiqiladi. Bu holatda tirik qolgan turmush o‘rtog‘ining o‘z ulushi ham avtomatik ravishda bankka o‘tadi, degani emas.

Kafil kreditni to‘lashga majbur bo‘ladimi?

Fuqarolik kodeksining 293-moddasiga ko‘ra, qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradi. Qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgarligi nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin.

Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, kafil qarzdor bilan bir xil hajmda javob beradi. Uning javobgarligi asosiy qarz, kredit foizlari, qarzni undirish bilan bog‘liq sud chiqimlari hamda majburiyat bajarilmagani tufayli kreditorga yetkazilgan boshqa zararlarni ham qamrab olishi mumkin.

Qarz oluvchining vafot etishi kafillikni o‘z-o‘zidan bekor qilmaydi. Marhumning kredit majburiyatlari meros tarkibida saqlanib qoladi, merosni qabul qilgan merosxo‘rlar esa o‘zlariga tekkan mol-mulk qiymati doirasida javob beradi.

Kafilning javobgarligi esa merosxo‘rlarning javobgarligidan alohida, kafillik shartnomasi asosida yuzaga keladi. Shu sabab bank qarzni kafildan kafillik shartnomasida nazarda tutilgan hajm va muddat doirasida talab qilishi mumkin.

Bunda kafillik shartnomasining amal qilish muddati, kafil javobgarligining miqdori, kredit shartlariga keyinchalik o‘zgartirish kiritilgan-kiritilmagani va kafillikning bekor bo‘lishiga olib keladigan boshqa holatlar alohida tekshirilishi kerak.

Kredit garov bilan ta’minlangan bo‘lsa nima bo‘ladi?

Ipoteka krediti, avtokredit yoki boshqa yirik kreditlarda mol-mulk garovga qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.

Qarz oluvchining vafoti garovni avtomatik ravishda bekor qilmaydi. Garovga qo‘yilgan uy, avtomobil yoki boshqa mol-mulk merosxo‘rga o‘tsa ham, unga qo‘yilgan garov saqlanib qoladi.

«Ipoteka to‘g‘risida»gi qonunning 25-moddasiga ko‘ra, ipoteka predmeti universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tganda, uni olgan shaxs ipotekaga qo‘yuvchining o‘rnini egallaydi. Ipoteka esa o‘z kuchini saqlab qoladi.

Merosxo‘rda odatda bir nechta amaliy variant bo‘ladi:

— kredit to‘lovlarini bank bilan kelishilgan tartibda davom ettirish;
— qarzni muddatidan oldin to‘liq yopish;
— kredit shartlarini qayta ko‘rib chiqish yoki restrukturizatsiya so‘rash;
— bank roziligi bilan mol-mulkni sotib, qarzni yopish;
— merosdan voz kechish.

Agar qarz to‘lanmasa, bank qonunchilik va shartnomada belgilangan tartibda undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishi mumkin.

Biroq bu bank garovdagi mol-mulkni istalgan vaqtda, hech qanday tartibsiz olib qo‘yishi mumkinligini anglatmaydi. Undiruv sud yoki qonunda va shartnomada nazarda tutilgan boshqa tartibda amalga oshiriladi.

«Garov to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qoidalarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam va kechikish muddati uch oydan oshmagan bo‘lsa, buzilish juda arzimas deb topilishi hamda sud undiruvni garovga qaratishni rad etishi mumkin. Bunda ikkala shart birgalikda mavjud bo‘lishi kerak.

Kredit bo‘yicha sug‘urta mavjud bo‘lsa nima bo‘ladi?

Kredit ajratishda ayrim hollarda qarz oluvchining kreditni to‘lamaganligi uchun javobgarligi sug‘urtalanadi. Bu qarz oluvchining bank oldidagi kreditni qaytarish majburiyatini bajarmasligi oqibatida yuzaga keladigan shartnomaviy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksining 919-moddasiga ko‘ra, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

«Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasida shartnoma shartlarini buzganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishi tavakkalchiligi sug‘urta obyekti bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Sug‘urta zaxiralari to‘g‘risidagi nizomda esa «qarz oluvchilarning kreditni to‘lamaganligi uchun javobgarligini sug‘urta qilish» alohida sug‘urta turi sifatida ko‘rsatilgan.

Qarz oluvchi vafot etganida sug‘urta kompaniyasining kredit qarzini qoplashi sug‘urta shartnomasining aniq shartlariga bog‘liq. Agar qarz oluvchining vafoti oqibatida kreditning qaytarilmay qolishi sug‘urta hodisasi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomada belgilangan summa doirasida bankka sug‘urta tovonini to‘lashi mumkin.

Biroq qarz oluvchining vafot etishi sug‘urta kompaniyasi kreditni barcha holatda avtomatik ravishda yopishini anglatmaydi. Kredit hujjatlari orasida sug‘urta polisi mavjudligi, aynan qanday tavakkalchiliklar sug‘urtalangani, sug‘urta summasi, shartnomaning amal qilish muddati va undagi istisnolar tekshirilishi kerak.

Agar sug‘urta tovoni kredit qarzining faqat bir qismini qoplasa, qolgan qarz meros, garov, kafillik va hamqarz oluvchilik haqidagi qoidalarga muvofiq hal qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, qarz oluvchining vafoti kredit majburiyatini avtomatik ravishda bekor qilmaydi. Qarzning keyingi taqdiri meros miqdori, kafillik, hamqarz oluvchilik, garov va sug‘urta shartlariga qarab belgilanadi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 205

Barchasi

Mavzuga oid