Logo

Mahalla aholisi endi profilaktika inspektoriga ishonchsizlik bildirishi mumkin

Bugun 10:402 daqiqa

Profilaktika inspektorlari endi aholi oldida har chorak hisobot beradi. Agar ularning faoliyati qoniqtirmasa, mahalla aholisi ishonchsizlik tashabbusini bildirish huquqiga ega bo‘ladi.

Mahalla aholisi endi profilaktika inspektoriga ishonchsizlik bildirishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 25-avgust kuni «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Hujjat profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, xizmat vazifalari, vakolatlari va faoliyati kafolatlarini alohida qonun darajasida belgilashni nazarda tutadi.

Asosiy yangiliklardan biri esa inspektorning aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirish va uning ishiga mahalla aholisi bahosini berish mexanizmini joriy etishdir.

Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektori har chorakda o‘z xizmat hududida amalga oshirgan ishlari yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot beradi. Shu bilan birga, aholi inspektor faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik tashabbusini bildirishi mumkin bo‘ladi.

Profilaktika inspektorlariga ortiqcha vazifalar yuklatilmaydi

Qonun loyihasida profilaktika inspektorining xizmat faoliyatiga asossiz aralashishga cheklov qo‘yilmoqda. Uni xizmat vazifalariga aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilish yoki qo‘shimcha vazifalar yuklash taqiqlanadi.

Bu norma inspektorning asosiy vazifasi — huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va xizmat hududida jamoat xavfsizligini ta’minlashga e’tiborini jamlashga qaratilgan.

Hozirgacha profilaktika inspektorlarining maqomi, vazifalari va xizmat o‘tash tartibi turli normativ hujjatlar bilan tartibga solib kelingan. Yangi qonun qabul qilinsa, ushbu masalalar yagona huquqiy hujjat doirasida belgilanadi.

Imtiyozlar

Qonun loyihasi profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini ham kuchaytirishni nazarda tutadi. Jumladan, ularning sha’ni va qadr-qimmati davlat tomonidan himoya qilinishi, mehnatiga munosib haq to‘lanishi va xizmat sharoitlari yaxshilanishi belgilanmoqda.

Samarali faoliyat yuritayotgan inspektorlarni rag‘batlantirish, ularning xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha kafolatlar ham qonun darajasida mustahkamlanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid