add

Markaziy bank 500 mln dollarlik AQSH obligatsiyalari sotib oldi

O‘zbekiston Markaziy banki noyabrda oltin-valuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida 500 mln dollardan ortiq AQSH obligatsiyalarini sotib olgani ma’lum qildi.

Markaziy bank 500 mln dollarlik AQSH obligatsiyalari sotib oldi

Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, 1-dekabr holatiga mamlakat oltin-valuta zaxiralarida 1,52 mlrd dollarlik qimmatli qog‘ozlar saqlanmoqda. Bir oy davomida portfel 503,3 mln dollarga oshdi, joriy yil boshidan buyon esa qimmatli qog‘ozlar ulushi 15 barobarga kengaydi. Shu bilan regulyator zaxiralaridagi qimmatli qog‘ozlar ulushi 1,72 foizdan 2,49 foizga yetdi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov noyabr oyi oxirida zaxiralarni diversifikatsiya qilish rejalari haqida gapirib, faoliyat kengaytirilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, regulyator qat’iy belgilangan daromadli instrumentlarning keng doirasiga investitsiya kiritishni ko‘zlamoqda. Ular orasida suveren obligatsiyalar, transmilliy tashkilotlar chiqargan qog‘ozlar, derivativlar va boshqa yuqori sifatli aktivlar bor. Barcha moliyaviy instrumentlar «A» darajadan past bo‘lmagan kredit reytingiga ega bo‘lishi lozim.

«Biz (oltin-valuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni) qat’iy daromadli AQSH g‘aznachilik obligatsiyalaridan boshladik, chunki ular an’anaviy ravishda xatarsiz aktivlar hisoblanadi. Ammo boshqa vositalar ham mavjud — korporativ obligatsiyalar, xalqaro moliya tashkilotlarining qog‘ozlari. Bunday turdagi obligatsiyalarga investitsiya kiritishni boshlash uchun biz avtomatlashtirishning IT-tizimini integratsiyalashni yakunlashimiz kerak», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Markaziy bank Jahon bankining RAMP dasturi yordamida aktivlarni boshqarish bo‘yicha dasturiy yechimlarni joriy etish uchun RFP — takliflar so‘rovi — ishlab chiqqan. Ushbu jarayon yakunlangach, regulyator boshqa turdagi aktivlarga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mamlakat qimmatli qog‘ozlar bozoriga ilk qadam 2024 yil may oyida qo‘yilgan bo‘lib, o‘shanda Markaziy bank tarixda birinchi bor xorijiy davlat obligatsiyalariga 35 mln dollar sarflagan edi. Oktyabrda 65 mln dollarlik AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari xarid qilindi, yil yakunlari bo‘yicha ularning hajmi 101 mln dollardan oshib ketdi. 2025 yilda ham regulyator xavfsiz aktivlar hisobiga zaxiralarni diversifikatsiya qilish siyosatiga sodiq qolmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston bozorida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalar haqida batafsil ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid