
Markaziy bank voyaga yetmaganlarning kartadan foydalanish tartibini tushuntirdi
Bank va to‘lov tashkilotlariga voyaga yetmagan fuqarolarga elektron to‘lovlardan foydalanishni yengillashtirish uchun yangi ko‘rsatmalar yuborilgan.

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmaganlar bank kartalarini ochish va mobil ilovalarga ulash jarayonida biometrik identifikatsiya bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgani haqidagi fikrlarga rasmiy munosabat bildirdi. Tashkilotga ko‘ra, biometrik talablar avvalo firibgarlik holatlarini cheklash uchun joriy etilgan.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank boshqaruvining qaroriga muvofiq, «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ga kiritilgan o‘zgarishlar orqali 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga banklarda hisobvaraqni mustaqil ochish huquqi berilgan edi. Bu orqali yoshlar moliyaviy xizmatlardan mustaqil tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.
Shu bilan birga, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida mobil ilovalarda «yangi ro‘yxatdan o‘tish», «parolni tiklash» va «boshqa qurilmadan akkauntga kirish» kabi amaliyotlarda Face-ID orqali tasdiqlash mexanizmi saqlab qolingani ta’kidlandi. Markaziy bank bu talab xavflarni minimallashtirish va mijozlarning mablag‘larini himoya qilishga qaratilganini qayd etdi.
Mavjud shikoyatlardan kelib chiqib, Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga voyaga yetmaganlar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lov xizmatlarini taqdim etish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma yo‘llagan. Shu bilan birga, yuqori xatarli amaliyotlar uchun qo‘shimcha identifikatsiya saqlanishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Tashkilotning ta’kidlashicha, qisqa vaqt ichida bo‘shliqlar bartaraf etilib, 14–18 yoshli fuqarolar mobil ilovalar orqali o‘z kartalaridan to‘liq foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Markaziy bank jamiyatdagi e’tirozlarni inobatga olgan holda, tizimni ham texnik, ham xavfsizlik jihatidan optimallashtirish ishlari davom etayotganini ham qo‘shimcha qildi.





