
NKMK 2025 yilda 100 tonnaga yaqin oltin ishlab chiqardi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqarilgan oltin hajmi 2024 yilga nisbatan bir necha tonnaga oshdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025 yil yakunlari bo‘yicha 98,2 tonna oltin ishlab chiqardi. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 96,1 tonnaga nisbatan yuqori bo‘lib, mamlakat oltin sanoatida barqaror o‘sish saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Ishlab chiqarilgan oltinning umumiy qiymati 135,6 trln so‘mni, yoki taxminan 11,25 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,8 trln so‘mga yoki 2,1 foizga ko‘pdir. Asosiy o‘sish omillaridan biri sifatida 2025 yil davomida jahon bozorlarida oltin narxining sezilarli darajada qimmatlashi qayd etilmoqda.
Kombinat faoliyatida boshqa muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham ijobiy bo‘ldi. Xususan, yil davomida investitsiya dasturlari doirasida 561 mln dollarlik mablag‘ o‘zlashtirildi. Ushbu investitsiyalar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va texnologik samaradorlikni oshirishga yo‘naltirildi.
Jalb qilingan mablag‘lar hisobidan to‘rtta yangi tegirmon bloki ishga tushirildi. Natijada kombinatdagi umumiy tegirmonlar soni o‘n ikkitaga yetkazildi.
Ma’lumot uchun, NKMK 2024 yilda 96,1 tonna oltin ishlab chiqarib, dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri sifatida e’tirof etilgan edi. Kombinatga 2008 yildan beri Quvondik Sanaqulov rahbarlik qilib kelmoqda.
NKMK 2025 yilning birinchi yarmida qariyb 48 tonna oltin ishlab chiqardi. Kompaniya bu davrda 1,5 mlrd dollardan ortiq sof foyda olgan. NKMKning 100 foiz ulushi davlatga tegishli bo‘lib, u Iqtisodiyot va moliya vazirligi tasarrufida hisoblanadi.
Avvalroq 2026 yil davlat byudjetining 20 foizini Navoiy kon-metallurgiya kombinati to‘ldirishi rejalashtirilgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 66,3 mlrd dollarga yetib, rekordni yangiladi.





