Logo

«Noni yarimta bo‘lgan» kirakashlar, «sud-pud»ga nopisand hokim, O‘zbekiston puliga Rossiya qurayotgan AES — 12 iyun dayjesti

12.06.2025 | 23:008 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Noni yarimta bo‘lgan» kirakashlar, «sud-pud»ga nopisand hokim, O‘zbekiston puliga Rossiya qurayotgan AES — 12 iyun dayjesti
«Sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» — Buxoro hokimi Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov xususiy bog‘cha ichidagi noqonuniy qurilmalarni sud qarori bo‘lmasdan buzishni, hatto «ichidagi odamlari bilan ko‘mib yuborish»ni talab qilgan videosi tarqalmoqda. Videoda hokim hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarni keskin choralar bilan to‘xtatishni buyurgan. «Bog‘cha hududiga kirganlarni hammasini huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. [Hujjati] yo‘qlarini hech kimni eshitmasdan buzasan, sud-pud demasdan buzib tashlaysan. Bugunni o‘zida buzib tashlaysan, narsalari bilan, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb hammasini erkalatganimiz», degan Botir Zaripov yonidagi mas’ullarga.   Rossiya O‘zbekistonda bir emas naq ikkita AES qurmoqchi Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda ikki turdagi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshiradi. Endi ham kichik, ham katta quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2026 yilga qadar, yoki undan avvalroq kichik AES qurilishi uchun beton quyish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston tomonidan moliyalashtiriladi, Rossiya tomonidan qarz ajratilishi masalasi muhokama qilinmagan.   «Noni yarimta bo‘lganlar». Endi haydovchilar avtoraqami olingan hududdagina taksichilik qila oladi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, endi haydovchilar faoliyatini litsenziya varaqasi ko‘rsatilgan hududda yoki unga tutash hududdagina amalga oshira oladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu xabar katta muhokama va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Faollar joriy qilingan yangi tartib-qoidani Konstitutsiyaga zid deb baholashyapti. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu qarorni imi-jimida qabul qilinganini yozdi. Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa agar qarordan maqsad Toshkent yo‘llarida tirbandlikni kamaytirish bo‘lsa, bu yechim ish bermasligini bildirdi. Yana bir iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov qaror pala-partish ravishda qabul qilinganini aytmoqda.   Octobank Humans’ga qarshi da’vo arizasi «Octobank» AJ «Humans» MCHJ bilan o‘zaro hisob-kitoblar hamda moliyaviy servis doirasidagi barcha operatsiyalarni 2025 yil 13 iyun kuni soat 18:00 dan boshlab to‘xtatishini rasman ma’lum qildi. Bank bu qarorni «Humans» tomonidan shartnomaviy majburiyatlarni muntazam ravishda buzishi va xizmatlar uchun to‘lovlarni kechiktirishi bilan izohlamoqda. Shu munosabat bilan «Humans Visa» kobrending bank kartalari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatiladi. «Octobank» mijozlarga murojaat qilib, kartalardagi pul mablag‘lari «Humans»ning avtomatlashtirilgan hisob tizimidagi shaxsiy hisobvarag‘larga o‘tkazilganini va ularni qaytarish uchun «Humans»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish zarurligini eslatdi.   O‘zbekistonda Volkswagen avtomobillari ishlab chiqariladi Germaniyaning yirik avtokonserni «Volkswagen» «O‘zavtosanoat» tarkibidagi «Alyans Auto» bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobillar ishlab chiqarishni boshlashini ma’lum qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda SKD formatida — ya’ni, butlovchi qismlarni yirik uzellar asosida yig‘ish texnologiyasi bo‘yicha avtomobillar ishlab chiqariladi. Tarkibiy qismlar «Volkswagen»ning Xitoydagi ishlab chiqarish bazasidan yetkazib beriladi. Bu kompaniyaga logistika xarajatlarini qisqartirish va uglerod izini kamaytirish imkonini beradi.   Xorijiy investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi pasaygan Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov O‘zbekistondagi investitsion muhit haqida tanqidiy fikr bildirdi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda xorijiy investorlarning mamlakat bozoriga qiziqishi pasaygan. So‘mning qadrsizlanishi va tashqi savdo taqchilligi xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishini susaytirgan. Qashqadaryodagi yirik loyihalardan biri — GTL zavodi samarasiz bo‘lgan. Eksport geografiyasi ham cheklangan, bu esa qo‘shimcha xavf omillari sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid