Logo

Oltin narxi 7 oydan beri ilk bor 4 ming dollardan pastladi

Bugun 17:002 daqiqa

Dollarning mustahkamlanishi va AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini yana oshirishi mumkinligi haqidagi prognozlar oltin narxining keskin qulashiga olib keldi.

Oltin narxi 7 oydan beri ilk bor 4 ming dollardan pastladi © Foto: reuters

Jahon bozorida oltinning bir troy unsiyasi 2025 yil noyabridan buyon ilk marta 4 ming dollarlik chegaradan pastga tushdi. 24-iyun kungi savdolarda spot oltin narxi 3,3 foizga pasayib, bir unsiya uchun 3 973,79 dollarni tashkil etdi. Bu so‘nggi yetti oydan ortiq vaqt ichidagi eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

AQSHda oltin fyucherslari ham 3,4 foizga arzonlab, savdo yakunida bir unsiya uchun 4 008,8 dollardan baholandi. 25-iyun ertalabki savdolarda esa spot narxi yana 0,2 foizga tushib, 3 993,33 dollar atrofida shakllandi. Avgust oyiga mo‘ljallangan fyucherslar 4 008,3 dollardan savdo qilinmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bozordagi asosiy bosim omillari AQSH dollarining 13 oylik eng yuqori darajaga yaqinlashgani hamda Federal rezerv tizimi pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirishi mumkinligi bilan bog‘liq.

Dollar bosimi kuchaydi


Dollar kursining mustahkamlanishi boshqa valutalarda hisob-kitob qiladigan investorlar uchun oltinni qimmatlashtiradi. Bu esa qimmatbaho metallga bo‘lgan talabni susaytirib, narxlarning pasayishiga xizmat qilmoqda.

Bozor ishtirokchilari 2026 yil davomida AQSHda foiz stavkalari uch marta oshirilishini kutmoqda. Yuqori foiz stavkalari daromad keltirmaydigan aktiv hisoblangan oltinning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi. Shu bois investorlar mablag‘larini yuqori daromadli moliyaviy vositalarga yo‘naltirishga moil bo‘lmoqda.

Oltin narxi 2026 yil 29-yanvarda bir unsiya uchun 5 594,82 dollar bilan tarixiy eng yuqori darajaga chiqqan edi. Shundan beri qimmatbaho metall qariyb 29 foizga yoki 1 600 dollardan ortiqqa arzonlashdi.

O‘zbekistonda oltin narxi

O‘zbekiston Markaziy banki oltin quymalarining sotuv narxini hozircha sezilarli darajada pasaytirmadi. Ayni paytda tijorat banklarida 1 gramm oltin qiymati 1 mln 847 ming so‘m atrofida saqlanib qolmoqda.

Qayd etish kerakki, oltin kotirovkalarining arzonlashishi mamlakatimizning moliyaviy zaxiralari umumiy qiymatiga ham bevosita ta’sir o‘tkazadi, chunki O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining 87 foizi oltindan iborat.

Eslatib o‘tamiz, oltin narxi tarixda birinchi marta 2025 yil 8-oktabrda 4 ming dollarlik chegaradan oshgan edi. O‘shanda qimmatbaho metallning 3 500 dollardan 4 ming dollargacha ko‘tarilishi uchun atigi 36 kun talab qilingan.

Teglar

Mavzuga oid