O‘pirilib tushgan yo‘l, aeroport qurilishi uchun tender va bekatlardagi do‘konlar buzilishi — 12-mart dayjesti

Kecha 23:154 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘pirilib tushgan yo‘l, aeroport qurilishi uchun tender va bekatlardagi do‘konlar buzilishi — 12-mart dayjesti

O‘zbekistonliklar pullarini asosan qayerda saqlamoqda?

Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi jamg‘armalarini bankda emas, uyida yoki hamyonida naqd pul ko‘rinishida saqlamoqda. So‘rovda qatnashganlarning 50 foizdan ortig‘i pulni naqd holda saqlashini bildirgan, atigi 7 foizi esa mablag‘larini rasmiy moliyaviy vositalar orqali jamg‘arishini aytgan. Shuningdek, 8 foiz respondent pulni chorva yoki mol-mulk orqali, 7 foizga yaqini norasmiy jamg‘arma guruhlari orqali to‘plashini ma’lum qilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining 39 foizi umuman jamg‘arma qilmasligini bildirgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, pulni uyda saqlash inflatsiya tufayli mablag‘ qiymatining pasayishiga olib keladi. Masalan, 2025 yilda inflatsiya 7,3 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, bank omonatlari bo‘yicha yillik foizlar 21–22 foiz atrofida bo‘lib, bu jamg‘armani inflatsiyadan himoya qilish va daromad olish imkonini beradi.

Toshkentdagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devor o‘pirilib tushdi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida joylashgan yangi tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi o‘pirilib tushdi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa natijasida jabrlanganlar qayd etilmagan. Hudud o‘rab olingan va avariya xizmatlari hamda texnik mutaxassislar tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, o‘pirilishga so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik va tuproqning haddan tashqari namlanishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish sifati, drenaj tizimi va obyektni qabul qilish jarayoni ham tekshirilmoqda. Mazkur yo‘l o‘tkazgich 2024 yil avgustida 128,6 mlrd so‘mlik loyiha asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan va u 100–120 yil xizmat qilishi aytilgan edi.

Toshkentda do‘konli bekatlar buzilmoqda

Toshkentda avtobus bekatlari hududida joylashgan 110 ta savdo obyektini olib tashlash jarayoni boshlandi. Shahar hokimligi tekshiruvlar natijasida ularning 61 tasi hujjatlarsiz faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi va bu ishlar Prezidentning jamoat transportini takomillashtirishga oid qarori hamda «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi qonun asosida amalga oshirilayotganini bildirdi. Yangi bekatlar ochiq formatda qurilib, ularda o‘rindiqlar, elektron tablolar, SOS tugmasi va kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.

Ayni paytda, do‘konlari buzilayotgan tadbirkorlar qarordan norozi ekanini bildirmoqda. Ular buzish ishlari sud qarori va rasmiy ogohlantirishsiz amalga oshirilganini aytmoqda, hokimlik esa tadbirkorlar kamida 10–15 kun oldin rasman ogohlantirilganini ta’kidladi. Ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlari mavjud tadbirkorlarga savdo faoliyatini davom ettirish uchun boshqa joydan yer maydoni ajratilishi yoki do‘konlarni ko‘chirish imkoniyati taklif etiladi.

O‘zbekistonda 1,5 mln so‘m topish kimlar uchun eng qiyin?

Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 35 foizi 1,5 mln so‘mni tezda topishni «juda qiyin» deb hisoblaydi. Respondentlarning 25 foizi bu mablag‘ni jamg‘armalari hisobidan qoplashini aytgan, 37 foizi esa oila yoki do‘stlardan yordam olishini bildirgan. Atigi 13 foiz ishtirokchi pulni o‘z mehnati bilan topishini aytgan, 10 foiz biror narsa sotishni, 2 foiz kredit olishni tanlagan. Shu bilan birga, 6 foiz respondent bunday mablag‘ni umuman topa olmasligini bildirgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 1,5 mln so‘mni topish ayniqsa ayollar, yoshi katta fuqarolar va ayrim hududlarda yashovchilar uchun qiyin. Erkaklarning 28 foizi buni juda qiyin deb baholagan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich 40 foizga yetgan. Shuningdek, 60 yoshdan oshganlar orasida 41 foiz bu mablag‘ni topishda qiynalishini aytgan. Hududiy kesimda esa Toshkent shahrida bunday fikr bildirganlar 18 foizni tashkil etsa, Janubiy va Shimoliy/G‘arbiy hududlarda bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yaqinlashgan.

Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilindi

Buxoroda yangi xalqaro aeroportni qurish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida tender e’lon qilindi. Loyiha O‘zbekiston hukumati, «Uzbekistan Airports», Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi. Yangi aeroport Buxoro tumanidagi «Qumsulton» massivida barpo etilishi rejalashtirilgan va u ichki hamda xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadigan muhim transport markaziga aylanishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida maydoni 48,5 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy yo‘lovchi terminali quriladi. U soatiga xalqaro reyslar uchun 1200 nafar, ichki reyslar uchun 400 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, keytering binosi, avtoturargohlar, yuk xizmatlari maydonlari va 8 ming kub metr sig‘imli yoqilg‘i quyish majmuasi quriladi. Aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi, xususiy sherik esa terminal va unga tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid