Logo

O‘zbekiston banklari 9 oyda 15 trln so‘mdan ortiq sof foyda oldi

Bugun 12:223 daqiqa

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq bank tizimining sof foydasi o‘tgan 2025-yilgi umumiy ko‘rsatkichning 98,5 foiziga yetdi. E’tiborlisi, tizimdagi umumiy o‘sishning qariyb yarmi (45 foizi) faqatgina bitta bank hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston banklari 9 oyda 15 trln so‘mdan ortiq sof foyda oldi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yilning yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta tijorat bankining umumiy sof foydasi 15 trln 262 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning (10 trln 876 mlrd so‘m) mos davriga nisbatan 4 trln 386 mlrd so‘mga yoki 40,3 foizga ko‘p.

Tizimda 32 ta bank davrni foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 2 ta bank zarar qayd etgan. Shuningdek, 24 ta bankning moliyaviy natijasi o‘tgan yilga nisbatan yaxshilangan, 10 tasiniki esa yomonlashgan.

O‘sishning asosiy drayveri — «Ipoteka bank»

Tizim sof foydasi o‘sishining qariyb teng yarmi bitta bank hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. «Ipoteka bank»ning sof foydasi bir yil ichida 1 trln 969,8 mlrd so‘mga oshib, tizim bo‘yicha umumiy o‘sishning 44,9 foizini ta’minladi.

O‘tgan yilning 9 oyida bor-yo‘g‘i 102,5 mlrd so‘m foyda ko‘rgan ushbu bank joriy yilda bu ko‘rsatkichni 20 barobarga oshirib, 2 trln 72,3 mlrd so‘mga yetkazdi va reytingda 19-o‘rindan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1-o‘ringa chiqib oldi. Agar ushbu bankning natijasi chiqarib tashlansa, qolgan banklarning sof foydasi o‘sishi 22,4 foizni tashkil etgan bo‘lar edi.

Gigantlar

Banklar olgan jami sof foydaning qariyb 50 foizi (7,62 trln so‘m) beshta yirik bank hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili sof foydasi 1 trln so‘mdan oshgan banklar to‘rtta bo‘lgan bo‘lsa, bu yil ularning safi beshtaga yetdi:

photo_2026-10-23_12-23-19


Shuningdek, yetakchi o‘nlikdan «Xalq banki» (837,3 mlrd), «Ipak Yo‘li bank» (821,8 mlrd), «Trastbank» (766,8 mlrd), «Orient Finans bank» (724,6 mlrd) va «KDB Bank» (644,7 mlrd) o‘rin oldi. Bu 10 ta bank tizim bo‘yicha jami sof foydaning 74,8 foizini shakllantirdi (o‘tgan yili 80,6 foiz edi).

Davlat va xususiy banklar kesimida

Davlat ulushi bo‘lmagan 25 ta xususiy bank:

Jami sof foyda 10 trln 613 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish 55,4 foizga yetdi. Natijada xususiy banklarning umumiy foydadagi ulushi 62,8 foizdan 69,5 foizga oshdi (bu o‘sishning ham 52,1 foizi «Ipoteka bank» hissasiga to‘g‘ri keladi).

Davlat ulushi mavjud 9 ta bank:

Jami sof foyda 4 trln 649 mlrd so‘mni tashkil qildi (o‘sish 14,9 foiz). «O‘zmilliybank» foydasi 7,1 foizga oshgan bo‘lsa, «Agrobank» (5,2 barobar), «Xalq banki» (3,1 barobar), «Turonbank» (+74,2 foiz), «Aloqabank» (+58,4 foiz) va «Asakabank» (+51,4 foiz) foydasini sezilarli oshirdi.

O‘sish va pasayishlar dinamikasi

Mavjud 34 ta bankdan 24 tasi o‘z foydasini o‘tgan yilga nisbatan oshirdi, qolgan 10 tasida esa kamayish kuzatildi.

Eng ko‘p foydasini oshirganlar

«Ipoteka bank» va «Xalq banki»dan tashqari, «Uzum Bank» (7,6 mlrd so‘mdan 485 mlrd so‘mgacha), «InFinBank» (196,5 mlrd so‘mdan 530,7 mlrd so‘mgacha), shuningdek, «APEXBANK», «Hamkorbank», «Kapitalbank», «KDB Bank», «Aloqabank» va «Trastbank». E’tiborlisi, o‘tgan yili 52,2 mlrd so‘m zarar ko‘rgan «APEXBANK» bu yil 179 mlrd so‘m sof foydaga chiqqan.

Foydasi eng ko‘p kamayganlar

«O‘zsanoatqurilishbank» (-178,9 mlrd), «Mikrokreditbank» (-141,3 mlrd), «ANORBANK» (-131,4 mlrd), «Biznesni rivojlantirish banki» (-127,3 mlrd), «TBC Bank» (-100 mlrd so‘mlik pasayish), shuningdek «Orient Finans bank», «Asia Alliance Bank», «Universalbank», «Poytaxt bank» va «my-bank».

Zarar bilan yakunlaganlar

Butun tizim bo‘yicha faqat ikkita bank 9 oylikni zarar bilan yakunladi. Bular — «TBC Bank» (69,6 mlrd so‘m zarar) va «Mikrokreditbank» (50,4 mlrd so‘m zarar). Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu banklar mos ravishda 30,3 mlrd so‘m va 90,9 mlrd so‘m sof foyda olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston banklarining foydasi 2026-yilning yanvar–iyul oylarida 12,34 trln so‘m bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid