O‘zbekiston Bishkek bilan savdo hajmini 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi
O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi iqtisodiy hamkorlikka katta hissa qo‘shmoqda. Bugungi kunga qadar u 100 million dollardan ortiq qiymatdagi 37 ta loyihani ma’qullagan. Ushbu loyihalar qariyb 900 ta yangi ish o‘rinlarini yaratishi aytilgan.
© Foto: kg24.newsQirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish niyatida. Ushbu maqsadga erishish uchun mamlakatlar transport va logistika aloqalarini hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanmoqda, qo‘shma investitsiya loyihalari va yirik infratuzilma tashabbuslari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi iqtisodiy hamkorlikka katta hissa qo‘shmoqda. Bugungi kunga qadar u 100 million dollardan ortiq qiymatdagi 37 ta loyihani ma’qulladi. Ushbu loyihalar qariyb 900 ta yangi ish o‘rinlarini yaratdi. Jamg‘arma to‘qimachilik sanoati, energetika, logistika, ishlab chiqarish, kommunal infratuzilma va jamoat transportini modernizatsiya qilish sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Mamlakatlar sanoat hamkorligini ham kengaytirmoqda. Erkin iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar turli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston kompaniyalari Qirg‘izistonda geologik qidiruv ishlarini olib borishni va qo‘shma qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Tomonlar transport aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy birgalikda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘l loyihasini amalga oshirmoqda. Kulubayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport aloqasini mustahkamlashi va Markaziy Osiyoning logistika konfiguratsiyasini o‘zgartirishi kerak.
Yana bir muhim yo‘nalish — «Qambarota-1» GES qurilishi. Tomonlar allaqachon milliardlab dollarlik loyihalarni muhokama qilishni boshladi.
Madaniy-gumanitar aloqalar ham rivojlanishda davom etmoqda. Xususan, madaniy tadbirlar va ilmiy-ta’lim almashinuvlari soni ortib bormoqda. Andijonda Qirg‘iziston Bosh konsulxonasini ochish ham rejalashtirilgan, bu esa savdo, turizm, logistika va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etgandi.





