add

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari yangi rekord o‘rnatdi

Bugun 08:385212 daqiqa

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari dekabr boshida yangi ko‘rsatkichga yetgan. Oltin zaxirasining o‘zi ham yangi rekord o‘rnatgan.

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari yangi rekord o‘rnatdi

Markaziy bank e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari noyabr oyida navbatdagi tarixiy cho‘qqiga chiqdi. 1-dekabr holatiga ko‘ra, regulyator ixtiyoridagi umumiy xalqaro aktivlar 61,23 mlrd dollarga yetdi. Bu bir oyda 1,89 mlrd dollar (+3,2 foiz)lik o‘sishni va joriy yil boshidan beri 48,49 foizga ortishni anglatadi.

Zaxiralar tarkibidagi asosiy ulush — oltin. Markaziy bank xazinalaridagi oltin qiymati besh oydan beri ketma-ket rekord yangilab, ilk marta 50 mlrd dollar chegarasidan oshib o‘tdi. Noyabr oyi yakunida ushbu ko‘rsatkich 50,85 mlrd dollar bo‘lib, bir oyda 3,01 mlrd dollar (+6,29 foiz) qo‘shilgan.

Oltinning fizik hajmi ham o‘sishda davom etdi: noyabr oyida zaxiralar taxminan 0,3 mln unsiyaga (9,33 tonna) ko‘payib, 12,2 mln troya unsiyasiga (379,46 tonna) yetdi. Jahon bozoridagi tebranishlarga qaramasdan, oltin narxi oy davomida 4200 dollardan yuqori saqlanib turdi.

Valyutalar qismida teskarisi kuzatildi — xorijiy aktivlar 1,09 mlrd dollar (–10,7 foiz)ga kamayib, 9,81 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu qismga xalqaro tashkilotlardagi va banklardagi depozitlar, jumladan Xalqaro valuta jamg‘armasidagi 979,4 mln dollar va chet el kredit muassasalaridagi 7,3 mlrd dollar kiradi.

Shu bilan birga, Markaziy bank portfelidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar sezilarli oshdi. Noyabr oyi yakuniga ko‘ra, ushbu instrumentlar qiymati 1,52 mlrd dollarga yetdi — bir oyda 503,3 mln dollar o‘sish. Ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 2,49 foizga ko‘tarildi.

Ekspertlarning fikricha, oltin narxining yuqori darajada turishi va import qisqarishi O‘zbekiston zaxiralarining jadal o‘sishiga asosiy omil bo‘lmoqda.

Avvalroq oltinning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari yangi rekord o‘rnatdi | Vaqt.uz