
O‘zbekiston xorijdan go‘sht olib kelishni keskin ko‘paytirdi
Bu holatni so‘nggi bir yilda narxlar sezilarli oshgani bilan izohlash mumkin. Shunga qaramay, go‘sht yetishtirish sur’ati sekinlashgan.

2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 21,8 foiz bo‘ldi.
Tashqi savdoda import 18,7 foizda o‘sdi va 41,9 mlrd dollarga, eksport esa 26,2 foizga o‘sdi va 30,9 mlrd dollarga yetdi.
Import tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘tgan yilga nisabatan 20 foizga oshib, 4 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu umumiy importning 9,6 foizi degani.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta o‘sish go‘sht importida kuzatildi. Yil boshidan beri O‘zbekistonga 762 mln dollarlik go‘sht olib kelingan. Bu 2024 yilga nisbatan 68,5 foizga ko‘proq.
Go‘sht eksporti esa qulagan. 11 oyda 14,5 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 68 foizga kamroq.
Go‘sht importi keskin oshib, eksport bilan aksincha holat bo‘layotganini narxlar bilan izohlash mumkin. Markaziy bankning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda go‘sht narxi yillik hisobda 25 foiz atrofida oshgan. Go‘shtga talab sezilarli oshgan.
Bunda suyakli mol go‘shti 24,2 foizga, suyaksizi 25,3 foizga qimmatlagan. Qo‘y go‘shti narxi esa yanada ko‘proq — 26,8 foizga ko‘tarilgan.
Shunga qaramay, mamlakat bo‘ylab go‘sht yetishtirish sur’ati sekinlashgan. 2025 yilning 9 oyida 2,17 mln tonna go‘sht yetishtirilgan. Bunda o‘sish 2,7 foiz bo‘lib, o‘tgan yilning mos davridagi 4,9 foizlik ko‘rsatkichdan kamroq.
Teglar






