O‘zbekistonda islomiy banklarni litsenziyalash tartibi tasdiqlandi
Islomiy banklar tashkil etish va banklarda «islomiy darcha» ochish uchun litsenziyalash talablari belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, islomiy bank faoliyati uchun mas’ul rahbar xodim bank yoki moliya tizimida kamida 7 yillik ish tajribasiga, tegishli oliy ma’lumotga hamda «AAOIFI»ning xalqaro sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi shart.
© yakazanec.comAdliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 17-iyulda 3252-7-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Yangi tartib «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonun asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra islomiy bank faoliyati faqat litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan islomiy bank tashkil etish hamda an’anaviy tijorat banklarida «islomiy darcha»lar ochishning huquqiy asoslari belgilandi.
Litsenziya uchun talablar
Nizomga muvofiq, islomiy bank yoki «islomiy darcha» tashkil etishda islomiy moliya kengashi a’zolari Markaziy bank bilan kelishilishi, bankda islomiy bank faoliyati uchun mas’ul rahbar xodim faoliyat yuritishi va islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati ishlab chiqilgan bo‘lishi shart.
Litsenziya olish uchun banklar aksiyadorlar qarori, uch yillik biznes-reja, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati, kengash a’zolari haqidagi ma’lumotlar va islomiy operatsiyalar bo‘yicha alohida hisob yuritish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Shuningdek, banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarda qulay sharoitlar yaratilganini tasdiqlovchi vakolatli organ xulosasi ham talab etiladi.
Markaziy bank litsenziya berish haqidagi qarorni barcha hujjatlar qabul qilinganidan keyin ikki oy ichida qabul qiladi. Litsenziya uchun davlat boji bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Kengash a’zolariga talablar
Hujjatda islomiy moliya kengashining tarkibi va a’zolariga qo‘yiladigan malaka talablari ham aniq belgilandi.
Kengash kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lishi lozim. Rais va uning o‘rinbosari islomshunoslik yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, qolgan a’zolar esa moliya-iqtisod, huquq yoki islomshunoslik sohalarida oliy ma’lumot olgan bo‘lishi kerak.
Islom huquqi bo‘yicha mutaxassislar kamida besh yillik, moliya yoki huquq sohasidagi texnik ekspertlar esa kamida yetti yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, kamida bitta a’zo, 2027-yil 1-iyuldan esa barcha a’zolar «AAOIFI» tomonidan berilgan xalqaro sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi shart. Islom huquqi bo‘yicha barcha mutaxassis a’zolar arab tilini bilishi va islom huquqiga oid birlamchi manbalarni tahlil qila olishi lozim.
Boshqa o‘zgarishlar
Islomiy bank faoliyati uchun mas’ul rahbar xodim ham bank yoki moliya tizimida kamida yetti yillik ish tajribasiga, tegishli oliy ma’lumotga hamda «AAOIFI» sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, Markaziy bank bilan kelishilgan rahbar xodimlar o‘z vazifasiga kirishgani haqida besh ish kuni ichida Markaziy bankni yozma ravishda xabardor qilish talabi bekor qilindi. Yangi normalar islomiy moliya institutlarini tashkil etish va ularni litsenziyalash jarayonini huquqiy jihatdan aniqlashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Markaziy bank ushbu qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etgan edi.





