Logo

O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish tartibi tasdiqlandi

Bugun 11:255 daqiqa

Endi mahalliy brokerlar orqali dunyoning yirik birjalaridagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish mumkin. Biroq buning uchun kamida 5 ming dollar aktiv yoki tegishli tajriba talab qilinadi.

O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish tartibi tasdiqlandi © shutterstock.com

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xorijiy aksiya, obligatsiya va ETF’larni mahalliy brokerlar orqali sotib olish tartibini tasdiqladi. Bu imkoniyat faqat «malakali investor» maqomini olganlarga beriladi.

Nizom «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida qabul qilingan va Markaziy bank bilan kelishilgan. Hujjat 11-noyabr kuni Adliya vazirligida 3971-raqam bilan ro‘yxatga olindi va 12-noyabr kuni rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.

Qaysi qimmatli qog‘ozlar sotiladi

Nizomga ko‘ra, savdoga quyidagilar qo‘yilishi mumkin:

•      xorijiy fond indekslariga kirgan kompaniyalarning aksiyalari;

•      xorijiy kompaniyalar obligatsiyalari va xorijiy davlat obligatsiyalari;

•      birjada savdo qilinadigan fondlar (ETF) va indeks fondlari;

•      xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.

Gap dunyoning yirik birjalarida sotiladigan taniqli kompaniyalar qog‘ozlari haqida bormoqda. Har bir qimmatli qog‘oz avval ILMA reyestriga kiritilishi shart. Buning uchun u listingdagi barcha qog‘ozlarining umumiy kapitallashuvi kamida 1 trln dollar bo‘lgan xorijiy birjada savdo qilinishi va xalqaro identifikatsiya raqamiga (ISIN) ega bo‘lishi kerak.

Reyestrga kiritish uchun broker yoki bank ariza beradi, ILMA uni o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Qancha hajmdagi qog‘oz muomalaga chiqarilishi esa Markaziy bank bilan kelishiladi. Bu esa savdo hajmiga cheklov qo‘yilishini anglatadi.

Kim malakali investor bo‘la oladi

Jismoniy shaxs quyidagi shartlardan kamida bittasiga javob bersa, malakali investor deb tan olinadi:

•      bank, broker yoki depo hisoblarida kamida 5 ming dollarlik pul yoki qimmatli qog‘ozi bo‘lsa;

•      so‘nggi 12 oyda broker belgilagan hajmda qimmatli qog‘ozlar bilan bitim tuzgan bo‘lsa;

•      O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi malaka sertifikatiga ega bo‘lsa;

•      CFA, CIIA, FRM kabi xalqaro sertifikati bo‘lsa;

•      moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya, investitsiya yoki moliyaviy huquq bo‘yicha oliy ma’lumotli bo‘lsa;

•      investitsiya qarorlari yoki risklarni boshqarish bilan bog‘liq lavozimda kamida ikki yil ishlagan bo‘lsa.

Maqomni davlat emas, broker beradi. Avval u mijozni test qiladi: qimmatli qog‘ozlar bozori qanday ishlashi, qanday risklar borligi va qonunchilik asoslari so‘raladi. Ikkinchidan oltinchigacha bo‘lgan shartlarga javob beradiganlarni broker testdan ozod qilishi mumkin. Faqat 5 ming dollar sharti bilan murojaat qilganlar esa, katta ehtimol bilan, test topshiradi. Testdan o‘ta olmagan kishi maqom olmaydi, lekin uni qayta topshirishi mumkin.

Maqom olingach, aksiyalar arzonlashib, aktivlar 5 ming dollardan kamayib ketsa ham, maqom saqlanib qoladi.

Kompaniyalar uchun shartlar

Banklar, sug‘urta kompaniyalari, investitsiya fondlari va boshqa litsenziyali moliya tashkilotlari avtomatik ravishda malakali investor hisoblanadi. Boshqa kompaniyalar quyidagi shartlardan biriga javob berishi kerak:

•      sof aktivlari kamida 1 500 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lishi;

•      shtatida tegishli oliy ma’lumotli va moliya tashkilotida kamida ikki yil ishlagan xodim bo‘lishi;

•      o‘tgan yili qimmatli qog‘ozlar bilan kamida beshta bitim tuzgan bo‘lishi.

Kompaniyalar xorijiy qog‘ozlarni faqat o‘zining chet el valutasidagi mablag‘i, masalan, eksport tushumi hisobidan sotib oladi. Konvertatsiya qilingan pulni bu maqsadda ishlatib bo‘lmaydi.

Qanday sotib olinadi?

Buning ikki yo‘li bor. Birinchisi, Toshkent fond birjasidagi alohida maydoncha yoki broker platformasi orqali. Bunda xorijiy aksiyaning o‘zi chet eldagi hisobda saqlanadi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi esa unga birga-bir mos keladigan «moliyaviy vosita» chiqaradi. Investor xorijiy aksiya bilan ta’minlangan aynan shu vositani sotib oladi.

Ikkinchisi, broker ilovasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy birjaga chiqish. Bunda mahalliy broker xorijiy broker bilan hamkorlikda ishlaydi. Aksiyalar broker nomidagi umumiy hisobda turadi, ammo har bir mijozning ulushi alohida hisobga olinadi.

Investor uchun jarayon taxminan quyidagicha: brokerga murojaat qiladi, shartnoma tuzadi (masofaviy identifikatsiya orqali ham mumkin), test topshiradi yoki hujjat taqdim etadi, valuta o‘tkazadi va buyurtma beradi.

Pul qanday kiritiladi va yechiladi?

Barcha hisob-kitoblar chet el valutasida amalga oshiriladi. Naqd dollarni agent-bank filialiga borib, brokerning valuta hisobiga kiritish yoki o‘z bank hisobidan o‘tkazish mumkin. Brokerga o‘z kassasida yoki notarius orqali naqd pul qabul qilish taqiqlangan. Qarzga olingan pulga xorijiy qimmatli qog‘oz sotib olish ham man etilgan.

Platforma pulni yechishga kuniga kamida bir marta imkon berishi kerak. Broker yechish topshirig‘ini uch bank kunidan kechiktirmay bajarishi shart. Agar besh ish kuni ichida pul kelmasa, broker uni o‘z hisobidan to‘laydi. Ammo sanksiyalar, xorijiy sud yoki regulyator qarori bilan pul bloklangan bo‘lsa, bu kafolat amal qilmaydi. Pul O‘zbekistondagi valuta hisobiga yoki bank kartasiga yechiladi.

Dividendlar va kasr aksiyalar

Dividend va foizlarni Markaziy depozitariy egalariga agent-bankda ochilgan shaxsiy valuta hisoblari orqali to‘laydi. Bu hisobni depozitariyning mobil ilovasi orqali boshqarish mumkin.

Ba’zan kompaniya aksiyalarni bo‘lib yuborishi sababli investorda aksiyaning bir qismigina qolishi mumkin. Bunday holatda unga qolgan qismini sotib olib, butun aksiyaga yetkazish uchun besh ish kuni beriladi. Aks holda kasr qism keyingi kuni bozor narxida avtomatik sotiladi va puli hisobga tushiriladi.

Savdo qachon to‘xtatilishi mumkin?

ILMA savdoni bir qancha hollarda to‘xtata oladi: qog‘oz xorijiy birjada to‘xtatilsa, jiddiy texnik nosozlik yuz bersa yoki bozorni manipulyatsiya qilish holati aniqlansa. Bunday paytda broker mijozlarni bir ish kuni ichida xabardor qilishi kerak. Daromadga esa O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq soliq solinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bankning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi investitsiyalari bir oyda 543 mln dollarga qisqarib, 1-noyabr holatiga 1,148 mlrd dollarni tashkil etgani xabar qilingandi.

Shuningdek, «Kapitalbank» yillik 7 foizli daromadga ega 50 mln dollarlik korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarishi ma’lum bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid