O‘zgidromet «kislotali bulutlar» haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Isroilning Eron neft obyektlariga bergan zarbalari oqibatida yuzaga kelgan ulkan zaharli bulut shimoliy-sharqqa, Markaziy Osiyo davlatlari hududlari bo‘ylab harakatlanishi kutilayotgan edi.

Avvalroq Isroilning Eron neft obyektlariga bergan zarbalari oqibatida yuzaga kelgan ulkan zaharli bulutlarni atmosferadagi havo oqimlari shimoli-sharqqa — Markaziy Osiyo mintaqasiga qarab boshlayotganligini va bu zaharli moddalarning «kislotali yomg‘ir» ko‘rinishida boshqa Osiyo davlatlari hududiga yog‘ishi xavfini yuzaga keltirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
O‘zgidromet bu xabarlarni ilmiy jihatdan asoslanmagan, deya rasmiy munosabat bildirdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go‘yoki «kislotali bulutlar» shakllanib, ular yog‘inlar bilan Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur ma’lumotlar ilmiy jihatdan asoslanmagan», — deyiladi bayonotda.
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt va azot oksidlari uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar odatda yirik sanoat markazlari, ishlab chiqarish korxonalari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqindi manbalari joylashgan hududlar yaqinida kuzatiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas.
Qolaversa, yog‘inlar asosan mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular hudud ustidagi atmosferada mavjud suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston yoki qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi aniqlanmagan.
Shu munosabat bilan fuqarolardan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslik va faqat rasmiy manbalarga tayanish so‘raldi.





