Pokiston Kobulni bombardimon qildi: Afg‘oniston va Pokiston nima sababdan urushmoqda?

28.02.2026 | 20:256 daqiqa

Pokiston mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida «ochiq urush» ketyapti.

Pokiston Kobulni bombardimon qildi: Afg‘oniston va Pokiston nima sababdan urushmoqda? © [AFP]

Ikki davlatning umumiy chegarasidagi to‘qnashuvlar keskinlashayotgan bir paytda, Pokiston Afg‘oniston poytaxti Kobul va boshqa shaharlarga aviazarbalar berdi. 27-fevral kuni Pokiston mudofaa vaziri Xoja Osif Islomobodning Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumatiga nisbatan toqati toq bo‘lganini ta’kidlab, ikki davlat endi «ochiq urush» holatida ekanini e’lon qildi.

Bu bayonot Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston ikki davlatni ajratib turuvchi Dyurand chizig‘i bo‘ylab Pokiston harbiylariga qarshi «keng ko‘lamli hujum operatsiyalari» o‘tkazayotganini ma’lum qilganidan bir necha soat o‘tib yangradi. Bu holat chegara hududida bir necha haftadan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar ortidan sodir bo‘ldi. Har ikki tomon buning oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lganini bildirmoqda. Harbiy harakatlar 2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan buyon Pokiston va Afg‘onistonning amaldagi hukumati o‘rtasidagi keskinlik ortib borayotgan bir vaziyatda sodir bo‘lmoqda.

Nimalar yuz berdi?

Hozircha ma’lum bo‘lgan tafsilotlar quyidagicha:

27-fevral kuni Pokiston rasmiylari afg‘on kuchlarining chegara yaqinidagi harbiy pozitsiyalarga hujum qilganini, bu esa Islomobodni Afg‘oniston ichkarisidagi nishonlarga, jumladan, poytaxt Kobul va boshqa shaharlarga aviazarbalar berishga majbur qilganini bildirdi.

«Al-Jazira» nashrining yozishicha, Pokistonning birinchi zarbasi mahalliy vaqt bilan juma kuni tungi soat 01:50 lar atrofida amalga oshirilgan va bunga javoban afg‘on kuchlari havo hujumiga qarshi qurollardan o‘t ochgan.

«Toqatimiz toq bo‘ldi. Endi siz bilan bizning o‘rtamizda ochiq urush bormoqda», — deb yozdi Pokiston mudofaa vaziri Xoja Osif X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Pokiston Afg‘onistonning qaysi hududlariga zarba berdi?

Pokiston Axborot vaziri Ataulloh Tarar X tarmog‘ida Kobul, janubi-sharqiy Paktiya va janubiy Qandahor viloyatlaridagi «Afg‘on Toliboni mudofaa obyektlari»ga zarba berilganini yozdi. Mudofaa vaziri Xoja Osif esa «Tolibon» hukumati bilan «ochiq urush» kechayotganini e’lon qildi.

Afg‘oniston hukumati matbuot kotibi Mujohid ham o‘zining X sahifasida ushbu uch viloyatga hujum qilinganini tasdiqladi.

«Associated Press» agentligi OAVga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi sababli ismi sir qolishini so‘ragan pokistonlik ikki nafar yuqori martabali xavfsizlik mulozimiga tayanib, hujumlar oqibatida Afg‘onistondagi ikkita brigada bazasi vayron qilinganini xabar qildi.

Pokistonning davlatga qarashli «Pakistan TV» telekanali o‘z lavhasida mamlakat qurolli kuchlari bir necha soat ichida «Tolibon»ning qator pozitsiyalarini «yo‘q qilganini» da’vo qildi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda zarba berilgan manzillar qatorida «Tolibon»ning Qandahordagi brigada qarorgohi va o‘q-dori ombori, shuningdek, Vali Xon, Shoval yaqinidagi, Bajaur va Angur Adda hududlaridagi postlari bor.

Pokiston Axborot vazirligi, shuningdek, mamlakatning Xayber-Paxtunxva viloyatiga qarashli Chitrol, Xayber, Mohmand, Kurram va Bajaur tumanlaridagi «Tolibon» kuchlari ham nishonga olinganini bildirdi.

Juma kuni kechroq Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi asosiy Torxam chegara punkti yaqinida otishma va artilleriya zarbalari ovozlari eshitilgani xabar qilindi.

Oktabr oyida qo‘shnilar o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlar sababli quruqlikdagi chegara asosan yopiq bo‘lishiga qaramay, Torxam o‘tkazish punkti Pokistondan ommaviy ravishda qaytayotgan afg‘onlar uchun ochiqligicha qolmoqda.

Qurbonlar va yaradorlar haqida nimalar ma’lum?

Tomonlarning bu boradagi ma’lumotlari bir-biriga zid.

Pokiston bosh vaziri matbuot kotibi Musharraf Zaydiy juma kuni ertalab X tarmog‘ida ma’lum qilishicha, tonggi hujum oqibatida 133 nafar «Tolibon» askari o‘ldirilgan, 200 dan ortig‘i yaralangan.

U «Tolibon»ga tegishli 27 ta post vayron qilingani va 9 tasi egallanganini qo‘shimcha qildi.

«80 dan ortiq tank, artilleriya qurollari va zirhli transport vositalari yo‘q qilindi», — deb yozdi u.

Pokistonning «Dawn» nashri davom etayotgan to‘qnashuvlarda ikki nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lganini xabar qildi.

«Tolibon» hukumati faqat sakkiz nafar jangchisi halok bo‘lganini va 11 nafari yaralanganini bildirdi.

Afg‘oniston tomoni o‘z harbiylari Pokistonning yakshanba kungi zarbalariga javoban chegara bo‘ylab joylashgan Pokiston harbiy bazalari va postlariga hujum qilganini ma’lum qildi. Kobul o‘z kuchlari 55 nafar pokistonlik askarni o‘ldirgani, ikkita harbiy baza va 19 ta harbiy postni egallaganini da’vo qilmoqda. Pokiston esa buni rad etdi.

Pokiston va Afg‘oniston nima sababdan urushmoqda?

Ikki davlat o‘rtasidagi zo‘ravonliklarning navbatdagi keskinlashuvi bir necha oylik ziddiyatlarning cho‘qqisi bo‘ldi.

2025 yil oktabr oyida chegara bo‘ylab bir hafta davom etgan shafqatsiz va qonli to‘qnashuvlardan so‘ng, Qatar va Turkiya vositachiligida o‘tgan muzokaralarda Afg‘oniston va Pokiston zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan edi.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara Dyurand chizig‘i deb ataladi va uning uzunligi 2611 kilometrni tashkil qiladi. Afg‘oniston mazkur chegarani rasman tan olmaydi. Kobulning ta’kidlashicha, bu mustamlakachilar tomonidan majburan o‘rnatilgan va etnik pushtunlar yashaydigan hududlarni ikki davlat o‘rtasida noqonuniy ravishda bo‘lib yuborgan chegaradir.

2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan buyon qo‘shnilar o‘rtasida tez-tez to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi. Janubiy va Markaziy Osiyo xavfsizligi hamda strategik masalalari bo‘yicha mutaxassis Sami Umariy «Al-Jazira»ga bergan intervyusida 2021 yildan, ya’ni AQSH va NATO kuchlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan yildan buyon afg‘on va pokiston kuchlari o‘rtasida 75-marta to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.

Xususan, Pokiston «Tolibon»dan Afg‘onistonda boshpana topgani aytilayotgan qurolli tuzilmalarni, jumladan, «Tahriki Toliboni Pokiston» (TTP) nomi bilan tanilgan Pokiston «Tolibon»ini jilovlashni talab qilmoqda. TTP 2007 yilda Pokistonda paydo bo‘lgan va Afg‘onistondagi «Tolibon»dan alohida tashkilot sanalsa-da, bu guruh bilan chuqur g‘oyaviy, ijtimoiy va lingvistik aloqalarga ega.

So‘nggi yillarda Pokistonda TTP va tabiiy resurslarga boy Balujiston viloyatida harakat qiluvchi «Balujiston ozodlik armiyasi» (BOA) tomonidan uyushtirilayotgan qurolli hujumlar soni keskin oshdi. Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva va Balujiston viloyatlari bu zo‘ravonliklardan eng ko‘p jabr ko‘rmoqda.

Pokistonning sobiq moliya vaziri Miftah Ismoil mamlakatning «Afg‘onistonning g‘ururli va kambag‘al fuqarolariga qarshi hech qanday adovati yo‘q»ligini ta’kidladi.

«Ammo aynan «Tolibon» Pokistonni ushbu mojaroga tortishga majbur qildi», — deb yozdi u X tarmog‘ida.

Biroq tahlilchilarning fikricha, Afg‘oniston qurolli guruhlarga qarshi chora ko‘rishi dargumon.

«Aftidan, Afg‘on «Tolibon»i TTPga qarshi jiddiy kurashishni istamayapti. Bu qisman ikki guruh o‘rtasidagi azaliy yaqinlik bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan TTP jangarilarining o‘zlarining asosiy raqibi — “Islomiy davlat – Xuroson viloyati” safiga o‘tib ketishidan qo‘rqishi bilan izohlanadi», — dedi mustaqil va xolis nizolarni kuzatuvchi AQSHdagi «Armed Conflict Location & Event Data» (ACLED) tashkilotining Janubiy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Perl Pandya «Al-Jazira» bilan suhbatda.

Pandyaning qo‘shimcha qilishicha, agar Afg‘onistondagi «Tolibon» TTPga qarshi keskin choralar ko‘rmasa, vaziyatning jiddiy tus olishi «muqarrar».

Dunyo davlatlari qanday munosabat bildirdi?

«Hindiston muqaddas Ramazon oyida Afg‘oniston hududiga uyushtirilgan va tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar qurbon bo‘lishiga olib kelgan Pokiston aviazarbalarini keskin qoralaydi. Bu Pokistonning o‘z ichki muammolarini tashqariga ko‘chirish yo‘lidagi navbatdagi urinishidir», — dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish har ikki tomonni xalqaro huquq normalariga amal qilishga chaqirdi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Afg‘oniston va Pokistonni o‘zaro ziddiyatlarni muloqot va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida hal qilishga chaqirdi.

«Nafsni tiyish va islom olamida hamjihatlikni mustahkamlash oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi mavjud kelishmovchiliklarni yaxshi qo‘shnichilik doirasida va muloqot yo‘li bilan hal qilishlari maqsadga muvofiqdir», — deb yozdi Aroqchiy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Rossiya tomonlarni hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘zaro kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. U, shuningdek, vositachilik qilishga tayyorligini ma’lum qildi..

O‘zbekiston ham Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyatning keskinlashayotganidan chuqur xavotirda bildirdi.

 

Teglar

Mavzuga oid