
Prezident ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan takliflar bilan tanishdi
Ekologiya sohasida boshqaruvni takomillashtirish va loyihalar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, atrof-muhit sifatini, shaharlarda atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni rivojlantirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va tabiiy merosni muhofaza qilish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirishni markazlashgan holda olib borish taklif etildi.
Ekologik nazoratni alohida yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish va mas’ul idoralarning vakolatlarini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Bunda, sohadagi qoidabuzarliklarga qarshi tezkor chora ko‘rish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, havoning ifloslanishini oldini olish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish mexanizmlari bo‘yicha so‘z bordi. Shuningdek, sanoatda ekologik tartibga solishni takomillashtirish va aholi punktlarida yashil hududlarning saqlanishini ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi.
Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, ularni boshqaruvda sifat va samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqish, nazorat va mas’uliyatni kuchaytirish nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Avvalroq O‘zgidromet Toshkent shahri va Andijonda havo ifloslanishi inson salomatligi uchun xavfli darajaga yetganini ma’lum qilgandi.
Teglar






