«Qabristondan qaytgan» milliarder: Xuang mojarosida asosiy g‘olib va mag‘lublar kim?
Josuslik mojarosi sabab ishdan ketgan Jensen Xuang 11 kun o‘tib yana «Nvidia» rahbarligiga tiklandi.
© APCharm kurtkasi bilan sun’iy intellekt davrining timsoliga aylangan Jensen Xuang soha taxtidan shov-shuvli tarzda tushirilganiga ikki hafta ham to‘lmay, dunyodagi eng qimmat yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchisi — «Nvidia» boshqaruvini qayta qo‘lga oldi.
Buning uchun Kremniy vodiysining nufuzli vakillaridan iborat maxsus guruh Oq uyga jiddiy bosim o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Natijada dushanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp aralashib, «Nvidia» direktorlar kengashini 63 yoshli Xuangni lavozimiga tiklashga majbur qildi. Avvalroq Xuang nikohdan tashqari aloqalari, xususan, Xitoy uchun josuslikda gumonlanayotgan Elis Xuang bilan munosabatlari oshkor bo‘lgani ortidan obro‘sini yo‘qotgan edi. Elis Xuang «Nvidia»ning mijozi bo‘lgan va keyinchalik AQSHning «qora ro‘yxati»ga kiritilgan «Megaspeed» kompaniyasi rahbari hamda asosiy aksiyadori sanaladi.
«Nvidia» atrofidagi bu mojaro Kaliforniyadagi bir kompaniya doirasi bilan cheklanib qolmaydi.
AQSH fond bozoridagi asosiy kapital tobora qimmatlashib borayotgan sanoqli texnologik gigantlar qo‘lida to‘plangan: ular «Nasdaq-100» indeksining 60 foizidan ortig‘ini egallaydi. Texnologiya va sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar esa birgalikda «S&P 500» indeksi umumiy bozor qiymatining qariyb yarmini tashkil etadi.
Dushanba kuni Xuangning lavozimga qaytishi «Nvidia» aksiyalarini 30 foizga keskin oshirdi. Biroq kompaniya va uning rahbariga nisbatan tergovlar davom etayotgan bir pallada, bu voqea Tramp ma’muriyati bosimining chegaralari qanchalik keng ekani haqida jiddiy savollarni o‘rtaga tashladi. Shu bilan birga, Vashington va Pekin o‘rtasidagi raqobat keskinlashib borayotgan payta sun’iy intellekt sanoatining kelajagi borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Ushbu mojaroning asosiy g‘oliblari va mag‘lublarini ko‘rib chiqamiz.
G‘oliblar
Jensen Xuang
Dushanba kuni «Nvidia» xodimlarining olqishlari ostida kutilmaganda ishga qaytgan Xuang avvalroq direktorlar kengashini tark etgan, kengash esa o‘tgan hafta uni lavozimiga tiklamasligini bildirgan edi.
1980-yillarda «Denny’s» tamaddixonasida idish yuvuvchilikdan ish boshlab, 4 trillion dollarlik texnologik gigantni barpo etgan Xuang «Nvidia»ni qariyb 33 yil boshqardi va Kremniy vodiysidagi eng yorqin muvaffaqiyat tarixlaridan birini yaratdi.
Endi u Kremniy vodiysida ishdan bo‘shatish imkonsizdek ko‘rinadigan yetakchilar — «Meta» rahbari Mark Sukerberg va «SpaceX» asoschisi Ilon Mask safiga qo‘shildi.
Xuangning Xitoy razvedkasiga aloqadorlikda gumonlanayotgan tadbirkor ayol Elis Xuang (ular qarindosh emas) bilan ishqiy munosabati Pekinga cheklangan chip texnologiyalaridan foydalanish yo‘lini ochgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ayblovlar ham, oxir-oqibat, uni rahbarlik kursisidan chetda ushlab qolishga yetmadi.
U ishdan chetlatilgan 11 kun ichida OAV uning «Nvidia» xodimlari bilan kamida yana ikkita nikohdan tashqari aloqasi bo‘lganini, shuningdek, qo‘l ostidagilarni qo‘pol haqoratlar bilan tanqid qilishini oshkor etdi.
«Wired» nashrining yozishicha, «Nvidia» xodimlaridan biri kompaniyaning ichki tarmog‘ida: «Agar Jensen qaytsa, men boshqa hech qachon HR treninglarida qatnashmayman», — deb yozgan.
«Goldman Sachs» investitsiya bankining sobiq bosh direktori Lloyd Blankfeyn esa «X» ijtimoiy tarmog‘ida: «Agar siz chindan ham, chindan ham, chindan ham o‘rnini bosib bo‘lmas inson bo‘lsangiz, hatto qabristondan ham qaytib kelishingiz mumkin ekan», — deb yozdi.
O‘z navbatida, prezident Tramp yaqinda Xitoyga safar qilib, APEC sammitida qatnashgani va Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashganini eslatib: «Unda men ham bu ishga aralashgan ekanman-da», — dedi.
«CNBC» telekanaliga bergan intervyusida Tramp bunga qo‘shimcha qilib: «Qayerda biror kelishgan yoki go‘zal xitoylik ayol ko‘rinsa, uni darhol josusga chiqarishadi», — dedi.
Shu bilan birga, u Xuang bilan bog‘liq bu gaplarning «haqiqat ekaniga ishonmasligini» ta’kidladi, biroq o‘ziga taqdim etilgan AQSH razvedkasi hisobotlari yuzasidan izoh bermadi.
«Nvidia» aksiyadorlari
Zamonaviy sun’iy intellekt hisoblash sanoatining kaliti aynan shu chip giganti qo‘lida. Uning mijozlari orasida «Microsoft», «Google», «Amazon» va «Meta» kabi yirik kompaniyalar bor bo‘lib, ular o‘zlarining sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini qurish va ishlatishda «Nvidia» uskunalariga tayanadi.
Direktorlar kengashi Xuangning iste’fosini qabul qilgan 11-noyabrdan 20-noyabrgacha kompaniyaning kelajagi borasidagi noaniqlik kuchayishi ortidan «Nvidia» aksiyalari qariyb 28 foizga arzonladi.
23-noyabr, dushanba kuni yakuniga kelib esa «Nvidia» o‘z bozor qiymatini taxminan 956 milliard dollarga tikladi — 20-noyabrdagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgan 3,04 trillion dollardan 3,98 trillion dollarga ko‘tarilib, dunyodagi eng qimmat yarimo‘tkazgichlar kompaniyasi maqomini saqlab qoldi.
Kompaniya aksiyadorlari orasida AQSH prezidenti Tramp ham bor. Ilk bor «The Washington Post» gazetasi e’lon qilgan Trampning moliyaviy deklaratsiyalari tahliliga ko‘ra, avgust oyi oxirida unda 13 milliondan 62 million dollargacha qiymatdagi «Nvidia» aksiyalari bo‘lgan; 2024 yil oxirida esa bu ko‘rsatkich taxminan 1,3 million dollarni tashkil etgan edi.
«Nvidia» bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalar
Xuangning «Nvidia»dan ketishi butun sun’iy intellekt sanoatida aks-sado berdi. Uning qaytishi esa chip gigantining global ta’minot zanjiridagi hamkorlariga ham ijobiy turtki bermoqda — ular mahsulotlarni rivojlantirish rejasi, ishlab chiqarish buyurtmalari va investitsiya loyihalarining uzluksiz davom etishidan umidvor.
«Nvidia» uchun eng ilg‘or sun’iy intellekt protsessorlarini ishlab chiqaruvchi «Taiwan Semiconductor Manufacturing Company» («TSMC») aksiyalari seshanba kuni 9,9 foizga keskin ko‘tarilib, kunlik savdo limitiga yetdi va birgina sessiyada kompaniya bozor qiymatiga 158 milliard dollar qo‘shdi.
«Nvidia» chiplari asosida sun’iy intellekt serverlarini yig‘uvchi «Foxconn» aksiyalari ham qariyb 10 foizga oshdi.
Janubiy Koreyaning xotira chiplari ishlab chiqaruvchilari «SK Hynix» va «Samsung Electronics» aksiyalari mos ravishda 6,7 va 6,6 foizga qimmatlashdi.
Yaponiyaning chiplarni sinovdan o‘tkazish uskunalari ishlab chiqaruvchisi «Advantest» aksiyalari esa 12,5 foizga sakradi.
Seshanba kuni Seul, Tokio va Taypeydagi asosiy Osiyo fond indekslarining barchasi ko‘tarilish bilan yakunlandi.
Texnologiya tarafdorlari
Xuang yillar davomida Vashingtonda texnologiyalar eksportiga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi chiqib, savdoni to‘xtatish strategik ahamiyatga ega bozorni Xitoyning mahalliy raqobatchilariga topshirib qo‘yish bilan barobar ekanini ta’kidlab kelgan.
Bu pozitsiya uni «Nvidia»ning ilg‘or chiplaridan foydalanish imkoniyatini, ayniqsa ularning harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi xavfini inobatga olib, milliy xavfsizlikka tahdid deb biluvchi AQSH qonunchilari bilan ziddiyatga olib keldi.
AQSH chiplar bo‘yicha eksport nazoratini ilk bor 2022 yilda joriy etgan va keyinchalik Xitoy uchun bu cheklovlarni yanada kuchaytirgan edi.
Istisno tariqasida, o‘tgan yili Xitoy raisi Si Jinping bilan o‘tkazilgan sammitdan so‘ng Tramp tasdiqlangan xitoylik mijozlarga H200 chiplarini sotishga ruxsat berishini aytgan edi. Yanvar oyida esa AQSH qudratli H200 chiplari uchun litsenziyalash siyosatini yumshatib, xavfsizlik shartlariga rioya etilgan holda eksport arizalarini individual tartibda ko‘rib chiqishga ruxsat berdi.
OAV xabarlariga ko‘ra, barcha cheklovlarga qaramay, «Nvidia» texnologiyalari asosan uchinchi davlatlar va kontrabanda yo‘llari orqali Xitoyga kirib borishda davom etgan.
Jensen Xuang bilan bog‘liq mojaro yuzaga chiqqanidan beri «Nvidia» Xitoyga chip yetkazib berishni to‘xtatganini ma’lum qildi, biroq buning sababiga aniqlik kiritmadi.
Mag‘lublar
Moliya vaziri Skott Bessent
Xuangni qat’iy qo‘llab-quvvatlagan prezident Tramp «Nvidia» direktorlar kengashining uni lavozimiga tiklash qarorini darhol o‘z yutug‘i sifatida taqdim etdi. Biroq ma’muriyat ichida bu masalada yakdillik yo‘qligi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Adliya vazirligi hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) kompaniyaga nisbatan tergovni davom ettirmoqda, moliya vaziri Skott Bessent esa uning eng keskin tanqidchilaridan biriga aylandi.
Avvalroq Bessent «Nvidia» moliyaviy ko‘rsatkichlarini oshirish uchun Xitoyga noqonuniy chip savdosiga ko‘maklashganmi yoki yo‘qmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan edi. «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida u sun’iy intellekt chiplari giganti «daromad va foydasini sun’iy ravishda oshirish maqsadida shubhali, noqonuniy ko‘rinadigan savdolar bilan shug‘ullangani»ni iddao qilgandi.
Shuningdek, u «Nvidia»ni tashqaridan yangi bosh direktor tayinlashga chaqirgan edi.
«Nvidia» direktorlar kengashi
«Nvidia» direktorlar kengashi Xuang bilan birga 11 a’zodan iborat. U iste’foga chiqqach, Ilon Mask boshchiligidagi Kremniy vodiysi rahbarlari qo‘llab-quvvatlagan «Jensen bilan birgamiz» («Stand with Jensen») kampaniyasi avj olayotgan bir paytda kengash raisi Harvi Jons investorlarga Xuang o‘z ixtiyori bilan ketganini va lavozimiga qaytarilmasligini ma’lum qilgan edi.
Dushanba kuni esa kengash fikrini o‘zgartirib, «Jensen «Nvidia»ni boshqarish uchun eng munosib inson ekaniga va uning lavozimiga tiklanishi aksiyadorlar, xodimlar, hamkorlar hamda mijozlar manfaatlariga to‘liq javob berishiga ishonishi»ni bildirdi.
Raqobatchi chip ishlab chiqaruvchilar
«Nvidia»dagi beqarorlik «AMD» va «Broadcom» kabi raqobatchilar uchun darhol yangi imkoniyatlar ochgandek ko‘rindi.
«Nvidia» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatlashadigan «AMD» hamda «Broadcom» aksiyalari Xuangning ketishi e’lon qilingan 12-noyabr kuni qariyb 6 foizga oshdi.
Xuang qaytganidan so‘ng esa «Nvidia» aksiyalarining 31,5 foizga keskin sakrashi fonida ularning qimmatli qog‘ozlari ancha kamtarona — mos ravishda taxminan 7 va 2 foizga ko‘tarildi.
O‘zining tenzor protsessorlarini (TPU) ishlab chiqaruvchi «Alphabet» kompaniyasi ham bu vaziyatdan yutishi mumkin edi, zero «Google» va «Amazon» kabi gigantlar «Nvidia»ga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish yo‘llarini izlagan bo‘lishi tabiiy.
Xitoyga nisbatan qattiqqo‘l siyosat tarafdorlari
Tramp ma’muriyatidagi yana bir mag‘lub sifatida Xitoyga nisbatan keskin pozitsiyasi bilan tanilgan prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi va davlat kotibi Marko Rubio ko‘rinmoqda.
Avvalroq «The Washington Post» gazetasi oxir-oqibat Xuangning «Nvidia» direktorlar kengashidan chetlatilishiga olib kelgan voqealar zanjirini aynan Rubio boshlab bergani haqida yozgan edi.
Dushanba kuni Davlat departamentida Qatar bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy bilan birga chiqish qilgan Rubio Xuangning lavozimiga tiklanishi yuzasidan yog‘ilgan savollar qurshovida qoldi, biroq ularning birortasiga javob bermadi.
Shunga qaramay, Vashington dushanba kuni, Xuang «Nvidia»ga qaytganidan bir necha soat o‘tgach, «Megaspeed» kompaniyasini qora ro‘yxatga kiritdi.
Sanoat va xavfsizlik byurosi (BIS) Singapurda joylashgan ushbu kompaniyani hamda Janubi-Sharqiy Osiyodagi yana oltita firmani cheklovlar ro‘yxatiga («Entity List») qo‘shdi.





