Qashqadaryoda 6 mlrd dollarlik loyihalarning ishga tushirilishi va qurilishiga start berildi
So‘nggi besh yilda viloyatga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari so‘nggi besh yilda viloyatga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini qayd etdi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirilgan, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshgan.
«Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak», — dedi prezident.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Qayd etilishicha, ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilmoqda. Italiyaning «Cotonella» brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida to‘qimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar tashkil etilmoqda. Amerikalik hamkorlar ishtirokidagi «Wosune Food Ingredients Karshi» korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsulotini «Nestlé» va «Purina» kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda. Davlat rahbari «yashil» iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishini aytdi.
Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektrostansiyasi ishga tushirildi. Qarshi tumanida Xitoyning «Shanghai SUS» kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt bo‘lgan to‘qqizta mikro GES barpo etiladi. Kitob tumanida Ozarboyjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan 300 million dollarlik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Prezident xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning takliflari tinglandi.
«2027-yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.
Shundan so‘ng prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va navbatdagilarining qurilishiga start berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda tadbirkor prezidentga kiyim sovg‘a qilgandi.





