Qimmatbaho toshlar aylanmasi uchun jazo kuchaytirildi
O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin choralar joriy etildi, takroriy qoidabuzarliklar esa endi jinoyat deb baholanadi.
© ipeksicilt.com2026 yil 21-aprelda qabul qilingan O‘RQ–1138-sonli qonun bilan qator huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy ravishda olish yoki o‘tkazish holatlari uchun javobgarlik tizimi aniq belgilab berildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan, agar shaxs avval bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lsa, keyingi holatda u jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu esa noqonuniy aylanmaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan muhim chora hisoblanadi.
Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha atama kiritildi
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining VIII bo‘limiga «qimmatbaho metallar» va «qimmatbaho toshlar» atamalarining huquqiy ta’rifi kiritilib, huquqiy noaniqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy olish yoki o‘tkazish holatlarida ular musodara qilinishi mumkin. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi belgilangan.
Ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima jazosi nazarda tutilgan.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi va sohadagi nazoratni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.





