
Qishki ta’tilda qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yildi
Qishki ta’til davrida yo‘lovchilar oqimining ortishi inobatga olinib, temir yo‘l yo‘nalishlarida qo‘shimcha poyezd qatnovlari va vagonlar soni oshirildi. Yangi jadval 2025 yil oxiri va 2026 yil boshidagi talabni barqaror ta’minlashga qaratilgan.

2025 yil 26-dekabrdan 2026 yil 12-yanvarga qadar qishki ta’til munosabati bilan bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etiladi. Bu qaror yo‘lovchilarning temir yo‘l transportiga bo‘lgan yuqori talabini qondirish maqsadida qabul qilingan.
Toshkent – Samarqand – Toshkent yo‘nalishida 2025 yil 26–31-dekabr kunlari hamda 2026 yil 4-yanvarda «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdining qo‘shimcha qatnovlari amalga oshiriladi. Ushbu yo‘nalishda jami 14 ta qo‘shimcha reys rejalashtirilgan.
Shuningdek, Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida 2025 yil 26–31-dekabr kunlari «Afrosiyob» elektropoyezdining qo‘shimcha 4 ta reys rejalashtirilgan. Bu esa bayram kunlarida Buxoroga bo‘lgan safarlar sonining ortishiga moslashtirilgan.
Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida esa 2026 yil 12-yanvarga qadar qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yo‘nalishda jami 12 ta qo‘shimcha reys amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda harakatlanuvchi poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar qo‘shiladi. Xususan, Toshkent – Xiva – Toshkent, Toshkent – Shovot – Toshkent, Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent, Toshkent – Termiz – Toshkent hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishlarida 2026 yil 12-yanvarga qadar har kuni 4 tadan qo‘shimcha vagon qatnaydi.
Avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot kotibi Alisher Boltaboyevning Vaqt.uz nashriga ma’lum qilishicha, 15-dekabrdan boshlab qo‘shimcha vagonlar va poyezdlar qo‘shilishi kerak edi.
«Chiptalar platformada e’lon qilinishidan oldin sotilib ketgan bo‘lmaydi. Chunki qo‘shimcha qo‘yilgan vagonlar va poyezdlarning chiptalari o‘rnatilgan tartibda kassalarga beriladi. Jumladan, Milliy universitetda sayyor kassalar tashkil qilingan. Shuningdek, Iqtisodiyot universitetida ham sayyor kassa faoliyat ko‘rsatyapti», — degan Alisher Boltaboyev Vaqt.uz muxbiriga.





