
Qo‘riqlash xizmati yana Ichki ishlar vazirligiga qaytarildi
Prezident qaroriga muvofiq, Milliy gvardiya tarkibidagi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib qayta tashkil etildi.

O‘zbekistonda qo‘riqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Milliy gvardiya tasarrufida bo‘lgan Qo‘riqlash bosh boshqarmasi qaytadan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilib, IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib tashkil etildi.
Avvalroq ushbu departament rahbarligiga polkovnik Qobil Shodibekov Adilovich vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Yangi departamentga bir qator muhim vazifalar yuklandi. Davlat va strategik ahamiyatga ega ob’ektlar, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari, ko‘ngilochar maskanlar, ta’lim muassasalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini shartnoma asosida qo‘riqlash asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Shuningdek, ob’ektlarda ichki tartib va nazorat rejimini ta’minlash, qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish vazifasi ham belgilab berildi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-yanvardan qo‘riqlanadigan banklar, yirik sanoat korxonalari, mahalliy hokimliklar va bir qator muhim ob’ektlarga kirish-chiqish nuqtalariga yuzni tanish imkoniga ega texnik vositalar bosqichma-bosqich o‘rnatiladi. Shu bilan birga, departamentga qo‘riqlanadigan ob’ektlarda o‘rnatilgan texnik vositalarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
Mahallalarda qo‘riqlash bo‘linmalari faoliyatini kuchaytirish maqsadida kriminogen vaziyati og‘ir hududlarda mahalla huquq-tartibot maskanlari tarkibiga qo‘riqlash xizmati inspektori lavozimi kiritiladi. Turistik ob’ektlar va ommaviy dam olish joylarida esa qo‘riqlash-patrul naryadlari tashkil etiladi.
Qaror doirasida «Xavfsiz ta’lim» konsepsiyasi ham joriy etiladi. U ta’lim muassasalari xavfsizligini jismoniy va texnik qo‘riqlash asosida ta’minlash, shartnoma asosida signalizatsiya, videokuzatuv va tashvish tugmalari o‘rnatish, shuningdek, ularga texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.





