Qozog‘iston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib sun’iy yomg‘ir texnologiyalarini qo‘lladi
Turkiston shahrida sun’iy yog‘ingarchilik chaqirish loyihasiga start berildi. Texnologiya xalqaro ekspertlar ishtirokida amalga oshirilib, yomg‘ir miqdorini 10–20 foizgacha oshirishi mumkin.
© RBCKecha, 16-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida yog‘ingarchilikni sun’iy oshirish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sun’iy yomg‘ir texnologiyalarini amaliyotda qo‘llashga kirishgan birinchi davlat bo‘ldi, deb xabar qildi Qozog‘iston sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.
Loyiha maqsadi
«Loyiha suv omborlarini to‘ldirish darajasini oshirish va mamlakat janubidagi qishloq xo‘jaligi hududlarini suv resurslari bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyihaning to‘liq amalga oshirilishi 2026-yil 17-maydan boshlanadi», – deyiladi xabarda.
Texnologiya Turkiston viloyatidagi umumiy maydoni 911 ming gektardan ortiq ekin yerlari uchun qurg‘oqchilik va suv tanqisligi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, loyiha Meteorologiya milliy markazi bilan xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Markaz 1980-yillar oxiridan beri ob-havoni modifikatsiya qilish va yog‘ingarchilikni sun’iy oshirish sohasida ko‘p yillik tajribaga ega.
Yomg‘ir miqdorini 10–20 foizga oshirish
Marosimda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev, BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti prezidenti va BAA Milliy meteorologiya markazi bosh direktori Abdulla Ahmad al Mandus, BAAning Qozog‘istondagi elchisi Muhammad Said Muhammad al Ariki hamda Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Kusherov ishtirok etdi.
«Qozog‘iston yangi iqlim barqarorligi tizimini shakllantirish yo‘lida amaliy qadam tashlamoqda. Mintaqada birinchi marta yog‘ingarchilikni sun’iy oshirish texnologiyalari sohasida bunday yirik loyiha ishga tushirilyapti. Bu biz uchun ilm-fan, xalqaro hamkorlik va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy iqlim infratuzilmasini shakllantirishning boshlanishidir. Loyiha dunyoning yetakchi ekspertlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda va texnologiyalar transferi hamda qozog‘istonlik mutaxassislarni tayyorlash uchun asos yaratadi», – dedi Jaslan Madiyev.
Xalqaro baholashlarga ko‘ra, sun’iy yog‘ingarchilik chaqirish texnologiyalari tabiiy holatga nisbatan yomg‘ir miqdorini 10–20 foizga oshirish imkonini beradi. Bunday usullar hozirda Xitoy, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Fransiya va Saudiya Arabistonida qo‘llanilmoqda.
Loyiha mahalliy tarzda – suv resurslariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda, avvalo qishloq xo‘jaligi yerlarida amalga oshiriladi. Ish olib boriladigan hududlar meteorologiya xizmatlari va davlat organlari mutaxassislari bilan birgalikda ob-havo sharoiti, ekologik vaziyat va suv ta’minoti ehtiyojlarini hisobga olgan holda tanlanadi.
35 mlrd tengelik iqtisodiy samara
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, texnologiyaning ta’sir doirasi 5 kilometrgacha bo‘lib, u yirik miqyosdagi ob-havo hodisalarini keltirib chiqarmaydi. Jarayonda xalqaro amaliyotda qo‘llanadigan tuz asosidagi reagentlar ishlatiladi.
Kutilishicha, loyiha qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash samaradorligini oshiradi, qurg‘oqchilikdan keladigan yo‘qotishlarni kamaytiradi va hosildorlik o‘sishiga xizmat qiladi. Potensial iqtisodiy samara yiliga 35 milliard tengegacha baholanmoqda.
«Hamkorlik doirasida Meteorologiya milliy markazi mutaxassislari Turkiston viloyati xodimlarini – meteorologlar, uchuvchilar, muhandislar va sohaviy mutaxassislarni ob-havoni modifikatsiya qilish texnologiyalariga o‘qitilmoqda. Shuningdek, texnologiyani Qozog‘istonning boshqa hududlarida ham joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda va milliy iqlim texnologiyalarini yaratish uchun fundamental baza shakllantirilmoqda», – deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Loyihani amalga oshirishda Qozog‘iston sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi, suv resurslari va irrigatsiya vazirligi, tashqi ishlar vazirligi, qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa qator davlat idoralari ishtirok etmoqda.





